O‘zbekiston va O‘mon ayol tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlik kengaytiriladi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.

Palata raisi o‘rinbosari Shaxlo Ibragimova va rais maslahatchisi Alisher Shayxov O‘mon Sultonligi ishbilarmon ayollar delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo hamkorligini yana-da kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Xususan, O‘zbekistonda Islom moliyasi tizimini rivojlantirish, shu jumladan kraudfanding (crowdfunding) mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘mon tomoni mazkur yo‘nalishdagi o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashish, shuningdek, O‘zbekistonda kraudfanding madaniyatini shakllantirish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha tashabbusni ilgari surdi.

Shuningdek, uchrashuvda qurilish, tibbiyot va turizm sohalarida tajriba almashish, qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish va ikki mamlakat ayol tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Sentabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Qonunchilikka islomiy bank, moliya operatsiyalari va standartlari hamda investitsiyaviy depozit tushunchalari kiritiladi.

Avvalroq Spot mutaxassislar bilan O‘zbekistonga islomiy banking nima uchun kerakligi, u bozorni qanday o‘zgartirishi va oddiy foydalanuvchi uchun nima berishini muhokama qilgandi.