Joriy yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston ichki bozorida xorijiy valyutaga bo‘lgan umumiy talab va taklif oshdi. Bu haqda Markaziy bankning Ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.
Bu davrda xorijiy valyutaga bo‘lgan talab $42,67 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,5% ga o‘sdi. Regulyator operatsiyalarini hisobga olmaganda, taklif hajmi $34,4 mlrd (+24%) ga yetdi.
Qayd etilishicha, taklifning bir qismi Markaziy bank tomonidan sotib olingan monetar oltin doirasidagi sterilizatsiya operatsiyalari orqali valyuta mablag‘lari sotilishi bo‘ldi. Bu almashuv kursi shakllanishining fundamental omillariga ta’sir qilmagan holda, bozor mexanizmlari asosida amalga oshirilgan.
Yuridik shaxslar valyuta taklifining o‘sishi talabga nisbatan yuqori bo‘ldi. Yanvar-sentabr oylarida talab o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24% ga o‘sib, $34,16 mlrdni, taklif 37% ga oshib, $16,85 mlrdni tashkil etdi.
Eksport tushumlari xo‘jalik yurituvchilar valyuta taklifining asosiy manbasi bo‘ldi — $13 mlrd (+18%). Shundan $7,1 mlrdi yoki 55%i ichki valyuta bozorida sotildi (+22%). Banklar xorijiy kreditlar hisobidan ichki $6,3 mlrdlik valyuta sotgan — ko‘rsatkich 61% ga oshgan.
Importni moliyalashtirishda ichki valyuta bozoridagi konvertatsiya ulushi 64,7% ni (2024-yilda — 65,5%), xorijiy valyutadagi o‘z mablag‘lari hisobiga moliyalashtirish ulushi esa 24% ni tashkil etdi (23,1%).
Sotib olingan valyutaning yarmidan ortig‘i ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi, 27%i — xorijiy valyutadagi kreditlarni so‘ndirish va 18%i — iste’mol tovarlari va doridarmon mahsulotlari importiga yo‘naltirilgan. Yana 2%i xorijiy investorlar daromadlarining repatriatsiyasi va qolgan 4%i boshqa maqsadlar uchun xarid qilingan.
Yanvar-sentabr oylarida aholi banklarga $15,2 mlrd sotdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘p ($11,8 mlrd). Shu bilan birga, fuqarolar $8,5 mlrd ($6,9 mlrd, +23%) sotib oldi.
Natijada, aholi valyuta taklifi talabdan $6,7 mlrdga ortiq bo‘ldi, bu, o‘z navbatida, o‘tgan yilga nisbatan 1,4 barobarga ko‘pdir.
Xalqaro pul o‘tkazmalari ($13,9 mlrd) jismoniy shaxslar valyuta sotuvining asosiy manbai bo‘ldi. Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 24% ga, 2023-yilga nisbatanesa 66% ga ko‘p.
Shuningdek, bu davrda xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatdan $1,9 mlrd chiqib ketgan (-$127 mln).
Avvalroq Markaziy bank Amerika valyutasining so‘mga nisbatan kursini 12 101,29 so‘m etib belgilagani haqida xabar berilgandi.