O‘zbekiston Kaspiy dengizi tubidagi aloqa liniyasiga ulanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda DataVolt ijrochi direktori Rajit Nanda maʼlum qildi.

15-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari, jumladan, Toshkentda zamonaviy maʼlumotlar markazini yaratish loyihasini amalga oshirayotgan DataVolt rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Prezident Yangi Toshkent va Buxoroda shunga o‘xshash markazlarni qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, boshqa saudiyalik kompaniyalarning raqamli tashabbuslarda ishtirok etishiga tayyorligini bildirdi.

Yangi Toshkent va Buxoroda 210 MVt quvvatli yangi zamonaviy maʼlumotlar markazlarini qurish rejalashtirilmoqda.

data volt, datavolt, prezident, saudiya arabistoni, shavkat mirziyoyev

DataVolt ijrochi direktori Rajit Nanda (markazda). Foto: Prezident matbuot xizmati

DataVolt ijrochi direktori Rajit Nanda prezident bilan uchrashuvda kompaniya poytaxtdagi IT Parkda 12 MVt quvvatli maʼlumotlar markazini ishga tushirayotganini maʼlum qildi. Shuningdek, Toshkentda Markaziy Osiyodagi birinchi sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda “yashil” maʼlumotlar markazi faol qurilmoqda.

Bundan tashqari, DataVolt Oracle va Amazon kabi yirik texnologiya kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha qurilish ishlari jadval asosida olib borilmoqda.

“Bugungi kunda barcha ma’lumotlar Yevropa orqali uzatiladi, biz uchun muqobil [maʼlumot uzatish] yo‘nalishlarini yaratish muhim. Shu sababli Qozog‘iston va Ozarbayjon orqali Kaspiy dengizi ostidan o‘tuvchi aloqa liniyasiga ulanish ustida ish olib bormoqdamiz. Bu yo‘nalish O‘zbekiston uchun strategik va iqtisodiy ahamiyatga ega. Bu nafaqat aloqa xavfsizligini taʼminlaydi, balki milliardlab daromad keltirishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, biz raqamli transformatsiya O‘zbekiston uchun beqiyos salohiyatga ega yo‘nalish, deb hisoblaymiz”, — dedi Rajit Nanda.

Shavkat Mirziyoyev TXIF-2024 ochilish marosimidagi nutqida DataVolt kompaniyasi bilan hamkorlikda “yashil” maʼlumotlar markazi barpo etilishi rejasini eʼlon qildi. Uning taʼkidlashicha, ushbu loyiha O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasini transformatsiya qilish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli ish rejasining tarkibiy qismi hisoblanadi.

2024-yilning may oyida DataVolt kompaniyasi O‘zbekistonda 10 MVt quvvatli o‘zining birinchi maʼlumotlarni qayta ishlash markazini qurishni boshladi. 2030-yilgacha DataVolt O‘zbekistondagi loyihalarga $5 mlrdgacha mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqda.

Avgust oyida Qozog‘iston va Ozarbayjon Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab optik tolali aloqa liniyasini (OTAL) o‘tkazishi maʼlum bo‘ldi. Aktau (Qozog‘iston) — Sumgait (Ozarbayjon) yo‘nalishi bo‘yicha liniyaning uzunligi taxminan 380 kilometrni tashkil etadi.

Suv osti aloqa liniyasi maʼlumotlarni ishonchli uzatishni taʼminlash va raqamli infratuzilmani rivojlantirish imkoniyatlarini yaratishga mo‘ljallangan. Bu maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirish va mintaqaga yirik texnologiya kompaniyalarini jalb qilishni o‘z ichiga oladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda sun‘iy intellekt alyansi tashkil etilishi haqida yozgandi.