Joriy yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari 24% ga oshdi. Bu haqda Markaziy bankning Ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.
Yanvar-sentabr oylarida xalqaro pul o‘tkazmalari $13,9 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24% ga ($2,7 mlrd), 2023-yilga nisbatan esa 66% ga ($5,5 mlrd) o‘sdi.
Avgust oyigacha oyma-oy o‘sib borgan transfertlar hajmi ketma-ket ikkinchi oy pasaydi. Avgust oyida — $1,9 mlrd, sentabrda esa $1,81 mlrd miqdorida o‘tkazmalar amalga oshirilgan.
Bundan bashqari, bu davrda xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatdan $1,9 mlrd chiqib ketgan. Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan $127 mlnga kamdir.
Birinchi yarim yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 27%ga oshib, $8,2 mlrdga yetdi. Bunda ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $1,8 mlrdga ko‘payib, $8,2 mlrdni tashkil qildi.
Mablag‘larning 78%i — $6,4 mlrdi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan qismi esa Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva hamda boshqa mamlakatlardan jo‘natilgan.
Sakkiz oyda jami jo‘natmalar 23% o‘sish bilan jami $12,1 mlrdga yetdi. Avgust oyigacha transfertlar miqdori oyma-oy o‘sib borgan: yanvarda — $1,06 mlrd, fevralda — $1,07 mlrd, martda — $1,21 mlrd, aprelda — $1,43 mlrd, mayda — $1,64 mlrd, iyunda — $1,78 mlrd, iyulda esa — $1,97 mlrd.
Avvalroq Markaziy bank Amerika valyutasining so‘mga nisbatan kursini 12 101,29 so‘m etib belgilagani haqida xabar berilgandi.