Avvalroq 21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi IT Park loyihasining ikkinchi bosqich qurilishiga start bergani haqida xabar berilgandi.

DataVolt kompaniyasining strategik loyihalar bo‘yicha rahbari Abhay Tvari O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida poytaxtdagi IT Park Uzbekistan hududida 12 MVt quvvatli maʼlumotlar markazi qurilishi haqida maʼlumot berdi. $150 mln qiymatidagi loyihani 2026-yil oxirigacha ishga tushirish rejalashtirilgan.

Uning aytishicha, maʼlumotlar markazi Markaziy Osiyodagi birinchi sunʼiy intellektga asoslangan maʼlumotlar bazasi bo‘ladi. Obyekt xalqaro “yashil” standartlarga muvofiqligini tasdiqlovchi LEED Gold sertifikatini oladi.

“Bu markaz strategik ahamiyatga ega, chunki u O‘zbekistonning mintaqaviy maʼlumotlar markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi va Google, Microsoft, Amazon va Meta kabi gigant kompaniyalarni jalb etadi”, — deydi Abhay Tvari.

DataVolt vakilining taʼkidlashicha, loyihaning ishga tushirilishi raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, shuningdek, innovatsiyalar va tadbirkorlikni rag‘batlantirishga imkon beradi. Bundan tashqari, loyihada mahalliy kompaniyalarning faol ishtiroki ko‘zda tutilgan.

Keyingi bosqichlarda DataVolt O‘zbekistonga qo‘shimcha $3 mlrd sarmoya kiritishni va maʼlumotlar markazlarining umumiy quvvatini 500 MVtga yetkazishni rejalashtirmoqda.

O‘tgan hafta DataVolt kompaniyasining ijrochi direktori Rajit Nanda prezident bilan uchrashuvda Yangi Toshkent va Buxoroda 210 MVt quvvatli yangi zamonaviy maʼlumotlar markazlarini qurish rejalarini maʼlum qilgandi.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni kompaniyasi O‘zbekistonni Qozog‘istondan Ozarbayjonga Kaspiy dengizi tubidan o‘tuvchi optik tolali aloqa liniyasiga ulash bo‘yicha ishlarni olib bormoqda.

Spot, avvalroq, 2026-yilda O‘zbekistonda super-kompyuter xaridi uchun $100 mln ajratilishi haqida yozgandi.