Samsung yangi smartfonlari taqdimotini kechiktirdi. Bu haqda hi-tech.mail nashri xabar berdi.

Koreya IT-giganti yangi smartfonlar taqdimotini yilning boshida — yanvar yoki fevral oylarida o‘tkazadi.

Biroq, 2026-yilda noma’lum muammolar tufayli kompaniya e’lonni bahorning boshiga ko‘chirdi. Manbalarning ma’lum qilishicha, Galaxy S26 seriyali telefonlar mart oyida namoyish etiladi.

Insayderlar Samsung nima uchun katta taqdimot muddatini surishga qaror qilganiga aniqlik kiritmadi. Ular faqat kompaniya gadjetlarni ishlab chiqish va loyihalashda ma’lum muammolarga duch kelganini ta’kidladi.

Biroq kompaniyada allaqachon liniyadagi qurilmalar Exynos 2600 protsessori, yangilangan 10 bitli displey va 5000 milliamper-soatga yaqin batareyaga ega bo‘lishi aniqlangan.

Ehtimol, 2026-yilning birinchi choragida Samsung uchta qurilmani — Galaxy S26, S26+ va S26 Ultra’ni ishlab chiqaradi.

Galaxy S26 Edge ro‘yxatda bo‘lmaydi, chunki kompaniya o‘ta yupqa smartfonlarning past sotilishi tufayli bu g‘oyadan voz kechgan.

Nashr tomonidan so‘ralgan mutaxassislardan biri Samsung Edge turkumini faqatgina “Apple shunga o‘xshash qurilma ustida ishlayotgani” sababli ishlab chiqarganini taxmin qildi.


Avvalroq Spot Samsung Galaxy S26 smartfonida kremniy-uglerodli batareyadan foydalanishi mumkinligi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, kremniy-uglerodli batareyalar yuqori energiya zichligiga ega, bu esa ixchamroq akkumulyatorlarni ishlab chiqishga imkon beradi.