Toshkentda transport vositalarida ruxsatsiz reklama joylashtirishga qarshi reydlar boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.

Monitoring poytaxt IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Bu Toshkentda reklama pasportisiz harakatlanayotgan avtomobillarni aniqlash va uning oldini olishga qaratilgan.

Tekshiruv davomida “Reklama to‘g‘risida"gi qonun va sohaga oid boshqa meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya qilmagan holda reklama joylashtirilgan avtomobillar aniqlandi.

Hokimlikda qayd etilishicha, qonunbuzarlarga nisbatan qonunchilik doirasida tegishli choralar ko‘rilib, huquqiy tushuntirish ishlari olib borilgan.

Ilova qilingan videoda bir nechta avtomobil egalari YHXB xodimlari va monitoring ishtirokchilari ko‘rsatmasi bilan o‘z avtomobillaridan Yandex Go xizmati yorliqlarini olib tashlayotgani ko‘rsatilgan.

Hozirda reklama materiallari bo‘yicha qonunchilikka rioya qilish yuzasidan monitoring ishlari davom etmoqda. Hokimiyat transport vositalariga reklamani faqat reklama joyining pasporti olingan taqdirdagina joylashtirish mumkinligini eslatdi.

Pasportni Yagona portalining (my.gov.uz) “Avtotransport” bo‘limida rasmiylashtirish mumkin. Buning uchun ariza beruvchi reklama yoki boshqa xabarning eskizini, shuningdek, avtomobil raqami va texnik pasportini taqdim etishi kerak.

Hujjat 5 ish kuni ichida rasmiylashtiriladi. Arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im BHMning 90% ini (370,8 ming so‘m) tashkil etadi.

Spot, avvalroq, uch viloyatda litsenziyasiz Umra safarlarini reklama qilganlarga chora ko‘rilgani haqida yozgandi.