O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 129,33 so‘m etib belgiladi. Savdo kuni davomida kurs 28 so‘m 04 tiyinga oshdi.

Sentabr oyida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov regulyator almashuv kursini shakllantirish siyosatini biroz o‘zgartirib, uning moslashuvchanligini oshirganini aytgandi. U bu bozor ishtirokchilarida kutilmalarning to‘g‘ri shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

O‘zbek so‘mi ketma-ket beshinchi oy dollarga nisbatan mustahkamlanib, sentabrda milliy valyuta 414 so‘mga, yil boshidan buyon esa 852 so‘mga qimmatlashgan. Dollar kursi 2023-yil avgustidan beri eng past darajaga tushdi.

To‘qqiz oyda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari $13,9 mlrdga yetdi. Natijada, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24% ga o‘sdi. Shunga qaramay, transfertlar hajmida ketma-ket ikkinchi oy pasayish kuzatildi.

Bundan tashqari, bu davrda mamlakat ichki bozorida xorijiy valyutaga talab 23,5% ga oshib, $42,67 mlrd, taklif esa 24% ga oshib, $34,4 mlrdga yetdi. Aholi banklarga xaridga nisbatan $6,7 mlrddan ortiq valyuta sotdi.

Avvalroq Spot Markaziy bank sentabr oyi holatiga inflyatsiya ko‘rsatkichlari infografigini e’lon qilgani haqida yozgandi.