Prezident seysmik xavfsizlikni taʼminlash hamda seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha farmonni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, madaniy meros obyektlari va transport inshootlarining zilzilabardoshligini monitoring qilish tizimi yaratiladi. Seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasi raqamlashtiriladi va unga sunʼiy intellekt texnologiyalari tatbiq etiladi.

Qurilish maydonlari uchun zamin gruntlari o‘rganiladi va ularning mustahkamligini oshirish choralari ko‘riladi.

Farmonga ko‘ra, kelgusi yildan A-373 va M-39 avtomobil yo‘llarida hamda ularga tutash temiryo‘llarda ko‘chki sodir bo‘lishi ehtimoli yuqori hududlarning doimiy radiolokatsion kosmik monitoringi tashkillashtiriladi.

Sunʼiy intellekt yordamida seysmik xavf yuqori bo‘lgan hududlarda kuchli zilzilalarni o‘rta va uzoq muddatlarda prognoz qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Dastlabki bosqichda sunʼiy intellekt yordamida kuchli zilzilalarni o‘rta va uzoq muddatda prognoz qilish Toshkent shahri misolida tashkil etiladi.

2026-yil 1-martdan boshlab bino va inshootlarning zilzilabardoshlik bo‘yicha texnik holati sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilinadi.

Joriy yilning may oyida O‘zbekistonda yaponiyalik mutaxassislar ishtirokida seysmik xavfning oldini olish hamda xatarni baholash bo‘yicha choralar ishlab chiqilishi haqida xabar berilgandi.

Iyun oyida prezident poytaxtda rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti bilan tanishgan chog‘ida ko‘p qavatli binolarning zilzilaga bardoshliligi 9 balldan kam bo‘lmasligi belgilanayotgani aytilgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda geologiya sohasida sun’iy intellekt yordamida videotahlil tizimi yaratilishi haqida yozgandi.