Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonda 9 mlrd kVt/soat “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi rekord ko‘rsatkich 22-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da qayd etildi. Ayni paytda mamlakatda umumiy quvvati 4682 MVt bo‘lgan 12 ta quyosh va beshta shamol elektr stansiyalari ishlab turibdi.
Yana 1 mlrd kVt/soat elektr energiyasi taxminan 29 kun ichida ishlab chiqarildi. Bundan oldingi yutuq — 8 mlrd kVt/soatga — 23-sentyabr kuni erishilgan edi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari tufayli O‘zbekiston 2,73 mlrd kub metr tabiiy gazni iqtisod qildi. Shuningdek, atmosferaga 4 mln tonna zararli moddalar chiqishining oldi olindi.
Joriy yil boshidan 22-oktabr soat 19:00 holatigacha O‘zbekistondagi barcha gidroelektr, quyosh va shamol stansiyalari jami 14 mlrd 520 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Bu — mamlakatdagi umumiy generatsiyaning 23%ini “yashil energiya” tashkil etayotganini anglatadi.
“Yashil” energiya hajmi 7,5 mln xonadonni 10 oy davomida elektr energiyasi bilan ta’minlash yoki 6 million iste’molchining yillik ehtiyojini to‘liq qoplash uchun yetarli, deya aniqlik kiritdi Energetika vazirligi.
Taqqoslash uchun: 2022-yilda Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi birinchi fotoelektr stansiyalari 434 mln kVt/soat ishlab chiqargan. 2023-yilda generatsiya hajmi 576,9 mln kVt/soatni, 2024-yilda esa 4,86 mlrd kVt/soatni tashkil etgan.
Avvalroq Rosatom AES O‘zbekistonni energiya iste’molchisidan uning ishlab chiqaruvchisiga aylantirishi haqida aytgandi.