Meta Platforms o‘zining sun’iy intellekt bo‘limida 600 ga yaqin xodimni qisqartirishini e’lon qildi. Bu haqda CNBC nashri xabar berdi.

Bu qaror sun’iy intellekt yo‘nalishi tuzilmasini keng ko‘lamda qayta tashkil etishning bir qismi bo‘lib, jamoani yanada “moslashuvchan va tezkor” qilishga qaratilgan.

CNBC ma’lumotlariga ko‘ra, ishdan bo‘shatish FAIR (Fundamental AI Research) bo‘linmalarining muhandislari va tadqiqotchilariga, sun’iy intellekt modellarini o‘qitish va joriy etish bilan shug‘ullanadigan infratuzilma va mahsulot jamoalariga ta’sir qiladi.

Sun’iy intellekt bo‘yicha yangi direktor Aleksandr Vang xodimlarga murojaatida Meta* boshqaruv darajalarini qisqartirish va individual mas’uliyatni oshirishga intilayotganini ta’kidladi.

“Biz tezroq harakat qilishimiz shart. Kichikroq, ammo e’tiborini jamlay olgan jamoa bilan har bir a’zo ko‘proq hissa qo‘shishga qodir bo‘ladi”, deb ta’kidladi Vang.

Uning ta’kidlashicha, “superintellekt"ni ishlab chiqish uchun mas’ul bo‘lgan TBD Lab yangi strategik bo‘linmasi qisqartirishlarga uchramaydi va mutaxassislarni yollashda davom etmoqda.

Meta qaror haqida xodimlarni yaqin kun ichida xabardor qiladi. Ishdan bo‘shatilganlarga 16 haftalik ishdan bo‘shatish nafaqasi, shuningdek, ish stajiga qarab qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanadi. Kompaniya ularga korporatsiya ichida yangi rollarni topishda yordam berishga va’da berdi.

Qayta qurish Meta’ning sun’iy intellektga keng ko‘lamli investitsiyalari fonida amalga oshirilmoqda. O‘tgan yil davomida kompaniya o‘z til modellari va kontent yaratish vositalarini yaratib, dasturchilarni faol jalb qildi.


Avvalroq Spot Meta O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishi mumkinligi haqida yozgandi.

ILMA kompaniya bilan monetizatsiya, foydalanuvchilarni himoya qilish hamda reklama joylashtirishda firibgarlikning oldini olish masalalarini muhokama qildi.