Vazirlar Mahkamasi 22-oktabr kuni qurilish sohasiga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga bir qator o‘zgartirishlar kiritdi. Qaror Lex.uz saytida eʼlon qilindi.

O‘zgartirishlar qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ruxsatnomalar berish, ularni yakunlagandan so‘ng obyektni foydalanishga qabul qilish, shuningdek, arxitektura-shaharsozlik kengashlarida loyihalarni kelishish kabi bir qator jarayonlarga taalluqli. Ular til siyosatiga ham taʼsir ko‘rsatadi.

2026-yildan boshlab qurilayotgan turar-joy majmualari davlat tilida, til qoidalari va meʼyorlariga mos keladigan nomlarga ega bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, obyekt pasporti, qurilish maydonidagi vaqtinchalik to‘siqlar ustidagi peshlavhalar va boshqa yozuvlarda davlat tili qo‘llanilishi shart. Shuningdek, qurilayotgan obyektlar haqidagi reklama va eʼlonlarda davlat tilini ishlatish majburiy bo‘ladi.

Mintaqaviy qurilish inspeksiyalarining qurilishni boshlash va obyektlarni foydalanishga topshirish uchun ruxsatnomalar berishdagi ishtiroki kengayadi. Quruvchi ularga mualliflik, texnik va ichki nazorat bo‘yicha hujjatlarni taqdim etishi zarur bo‘ladi.

Oliy sudning E-XSUD elektron tizimi va ekologik ruxsatnomalar berish tizimi “Shaffof qurilish” platformasi va Kadastr agentligi tizimi bilan integratsiya qilinadi. Dekabr oyining oxirigacha davlat xizmatlari markazlari va YIDXPda qurilgan obyektlar uchun qabul qilish dalolatnomalarini rasmiylashtirish xizmatini ishga tushirish topshirildi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda sunʼiy intellekt asosida zilzilalarni oldindan prognoz qilish tizimi joriy etilishi haqida yozgandi.