O‘zbekistonlik 700 ga yaqin taksi haydovchilari Dubayga ishga yuborilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari BAAning Dubai Taxi Company PJSC korxonasi rahbari Sayid Amin Abdulrahman bilan muzokara o‘tkazdi. Unda malakali haydovchilarni BAAda qonuniy ravishda ish bilan taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Jahon mehnat bozorida talab qilinadigan ko‘nikma va malakalarning tan olingan standartlari asosida tashkil etilgan Ishga marhamat monomarkazlari faoliyati haqida so‘z yuritildi.

Sayid Amin Abdulrahman O‘zbekistondan tajribali haydovchilarni ishga jalb qilish jarayonini huquqiy tomondan qo‘llab-quvvatlashga, tashqi mehnat migratsiyasi sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

“Dastlabki bosqichda korxonamizga 200 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolarini taksi haydovchisi sifatida ishga jalb qilish imkoniyatimiz bor. Ularning mehnat samaradorligi yuqori bo‘lsa, yana qo‘shimcha ravishda 500 ga yaqin o‘zbekistonlikni ishga jalb qilishimiz mumkin”, — dedi u.

Muzokaralar yakunida Migratsiya agentligi va Dubai Taxi Company PJSC vakillari hamkorlikning keyingi bosqichlarini muhokama qilishga kelishib oldi.

2024-yilning 27-yanvaridan o‘zbekistonliklarning haydovchilik guvohnomasi BAAda ham tan olina boshlangandi. Amirlikda uzoq muddat yashovchi milliy haydovchilik guvohnomasiga ega fuqarolar BAA haydovchilik guvohnomasini olishda nazariy va amaliy sinovlarni topshirishdan ozod etiladi.

Spot, avvalroq, Italiya O‘zbekistondan 3500 nafar o‘rta tibbiyot xodimini ishga olishi haqida yozgandi.