Shavkat Mirziyoyev Belgiyaga rasmiy tashrifi doirasida Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Vandewiele, Linde, Rhenus Logistics, Ahlers Logistics, Lasselsberger Group, Pietro Fiorentini, NextChem, Meridiam, SUEZ, FMO, European Investment Bank, Commerzbank, KfW, Textima, Chimcomplex, Metso hamda boshqa kompaniya va korporatsiyalarning rahbariyati ishtirok etdi.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi O‘zbekiston va YI o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davrni boshlab berishi qayd etildi.

Oxirgi yetti yilda tovar ayirboshlash ikki barobar ko‘paydi, Yevropa sarmoyasi ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni mingdan oshdi. Yevropalik hamkorlar O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va isloh qilish, ilg‘or texnologiyalar, korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish hamda innovatsion ishlab chiqarishni rivojlantirishga ko‘maklashayotgani qayd etildi.

Uchrashuvda davlat rahbari hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishning to‘rtta muhim yo‘nalishini ko‘rsatib o‘tdi.

O‘zbekiston strategik xomashyo va minerallarni o‘zlashtirish va chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdorligi qayd etildi.

“Yashil iqtisodiyot” va kimyo sanoati ham hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlardir. Mamlakat qayta tiklanadigan energetikani faol joriy etmoqda, energetika tizimini modernizatsiya qilmoqda. Yevropalik hamkorlarga “yashil” energetika, energiya tejash va ekologik kimyo loyihalarida ishtirok etish taklif qilindi.

Infratuzilma va logistikani rivojlantirish ham ustuvor ahamiyatga ega ekani ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekiston avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar va aeroportlarni o‘z ichiga olgan transport tarmog‘ini modernizatsiya qilmoqda.

Mamlakat tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirish, Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan zamonaviy logistika markazlarini barpo etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor.

Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari sohasiga alohida e‘tibor qaratildi. O‘zbekiston IT-Parklar va startap inkubatorlarini rivojlantirmoqda hamda Yevropa kompaniyalari bilan sun‘iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida hamkorlik qilishga tayyor.

Davra suhbati ishtirokchilari mamlakatda investitsiyalar uchun yaratilgan shaffof va barqaror sharoitlarni yuqori baholadi. Ular O‘zbekistonda yangi qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.

Shavkat Mirziyoyev avgust oyida “O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa: umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlik” mavzusidagi uchrashuv ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi haqida aytgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston mintaqaviy maʼlumotlar markaziga Google, Microsoft, Meta va Amazonni jalb etishi haqida xabar berilgandi.