Joriy yil boshidan so‘m 6,4% ga mustahkamlanib, kunlik tebranuvchanlik darajasi ikki barobarga oshdi. Bu haqda Markaziy bankning Ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.

Yanvar-sentabr oylarida milliy valyutaning almashuv kursi dinamikasi ichki bozordagi talab va taklif omillari, umumiy makroiqtisodiy tendensiyalar va tashqi iqtisodiy sharoitlar ta’sirida shakllandi.

Bu davrda asosiy savdo hamkorlar valyuta kurslari dinamikasida rossiya rubli dollarga nisbatan 27% ga, xitoy yuani — 2,5% ga, koreya voni — 5% ga mustahkamlangan, qozoq tengesi esa 4,6% ga qadrsizlandi.

markaziy bank, milliy valyuta, so‘m, valyuta bozori

Regulyator bu O‘zbekistonning tashqi raqobatbardoshligi saqlanib qolishiga yordam berganini qayd etdi. Real effektiv valyuta kursi yil boshidan buyon 1,5% ga qadrsizlanib, tashqi savdo hamkorlarga nisbatan kursda real mustahkamlanish kuzatilmadi.

Oltin narxining yuqori o‘sishi ichki bozorga ijobiy ta’sir qildi: qimmatbaho metallning bir troya unsiyasi $2610 dan $3807 gacha oshdi, natijada bu valyuta tushumlarini ko‘paytirdi.

Eksport, xorijiy kreditlar va pul o‘tkazmalari orqali valyuta oqimining sezilarli oshishi, xorijiy investitsiyalar hajmining o‘sishi hamda import barqarorlashuvi ichki valyuta bozorida so‘m mustahkamlanishiga ta’sir etdi.

Shu bilan birga, apreldan boshlab so‘m kursining kunlik tebranishi ikki barobarga oshdi va rivojlanayotgan davlatlardagi kunlik tebranishlarning o‘rtacha ko‘rsatkichiga yaqinlashdi.

markaziy bank, milliy valyuta, so‘m, valyuta bozori

Markaziy bank so‘m mustahkamlanishi iqtisodiyotda milliy valyutaga bo‘lgan ishonchni oshiruvchi ijobiy makrotendensiyalarni namoyon etayotganini qayd etdi.

Jumladan, yanvar-sentabr oylarida:

  • milliy valyutadagi depozitlar hajmi yil boshidan 23% ga oshib, 205 trln so‘mga yetdi;
  • aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari 14−15% dan 12% gacha sekinlashdi, kurs omili ikki barobarga qisqardi;
  • depozit va kreditlarning dollarlashuv darajasi pasaydi — kreditlarda 41% dan 37% gacha, depozitlarda esa 26% dan 23% gacha;
  • aholining banklarga jami valyuta sotuvi 33% ga oshib, $32 mlrdga yetdi.

Bu tendensiyalarning davom etishi so‘mga nisbatan ishonchni kuchaytirib, milliy valyutadagi aktivlar jozibadorligi oshishiga va makroiqtisodiy barqarorlikka ijobiy ta’sir qiladi.

Spot, avvalroq, Markaziy bank yil yakuni bilan inflyatsiya 8% gacha pasayishini kutayotgani haqida yozgandi.