Markaziy bank boshqaruvi 24-oktabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning uchinchi choragida ham iqtisodiy faollik tendensiyalari davom etdi. Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari taʼminlanishi, o‘tgan yildagi inflyatsiya omilining chiqib ketishi va almashuv kursi mustahkamlanishining tovarlar narxlariga taʼsiri sentabr oyida yillik inflyatsiyaning sekinlashishiga xizmat qildi.
Shu bilan birga, faol yalpi talab sharoitida tashqi taklif omillari bilan bog‘liq narxlarni oshiruvchi xatarlar va xizmatlar inflyatsiyasi yuqoriligi saqlanib qolmoqda.
Sentabr oyida umumiy inflyatsiya darajasi 0,8% bandga pasayib, yillik 8% ga teng bo‘ldi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari guruhi inflyatsiyasi yillik 6,1% gacha sekinlashib, pasaytiruvchi hissa qo‘shdi. Xizmatlar inflyatsiyasi, jumladan, tartibga solinadigan narxlar taʼsirisiz ham, talab omillari hisobiga umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Talab omillarining biroz maqbullashishi hamda so‘m mustahkamlanishi taʼsirida bazaviy inflyatsiya pasayuvchi dinamikaga o‘tdi va o‘tgan oyda yillik 7% gacha sekinlashdi. So‘mning mustahkamlanishi import inflyatsiyasining sekinlashishiga xizmat qilib, nooziq-ovqat tovarlari narxlarining maʼlum darajada barqarorlashuviga yordam bermoqda.
So‘nggi oylarda isteʼmol savatida narxlari o‘sishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashgan tovar va xizmatlar ulushi oshmoqda hamda narxlar barqarorlashuvi keng qamrovli xususiyatga ega bo‘lmoqda. Sentabrda aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etdi, biroq ular joriy va prognoz inflyatsiya surʼatlaridan yuqori darajada qolmoqda.
Markaziy bank joriy yil yakuniga inflyatsiya prognozini pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqib, 8% atrofida shakllanishini kutmoqda. Bu sentabr oyidagi prognozdan (8,7%) past.
Uchinchi chorakdagi yuqori iqtisodiy o‘sish va investitsion faollik kelgusi chorakda ham davom etib, yil yakunida YIM real o‘sishi 7−7,5% atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Aholi real daromadlari oshishi va chakana kreditlash faolligi xarid qobiliyatini qo‘llab-quvvatlamoqda va isteʼmol talabini oshirmoqda. Regulyator bu inflyatsion bosimlar saqlanib qolishiga xizmat qilishi mumkinligini qayd etdi.
Shu bilan birga, energiya narxlari erkinlashtirilishining kelgusi oylarda inflyatsiyaga ikkilamchi taʼsirlari kuzatilishi hamda ayrim tovarlar taklifi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga kelishi mumkin.
Markaziy bank bu sharoitda inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasi barqaror davom etishini taʼminlash pul-kredit sharoitlarini nisbatan qatʼiy darajada saqlab qoladi.
Bu jamg‘arish jozibadorligini saqlab, kreditlash surʼatlarini maqbullashtirish va pul bozorida resurslar narxlarini mutanosib shakllantirish orqali yalpi talabni muvozanatlashtirishga xizmat qiladi hamda inflyatsiyaga monetar omillarning taʼsirini kamaytiradi.
Markaziy bank inflyatsiyaning 5% lik targetigacha pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlari qatʼiyligini taʼminlaydi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank sentabrda 8 ta bankni jarimaga tortgani, 7 ta bank va 13 ta to‘lov tashkiloti sanksiyalar borasida ogohlantirgani haqida yozgandi.
