Instagram Meta AI sun’iy intellket vositalari yordamida “Hikoyalar"dagi surat va videolarni matnli so‘rov orqali tahrirlashga ruxsat berdi.
Yangi funksiyalardan foydalanish uchun “Hikoyalar"ning yuqori qismidagi mo‘yqalam belgisini bosish kerak. Foydalanuvchilar matnli so‘rovlar kiritish orqali obyektlarni qo‘shishlari, o‘chirishlari va o‘zgartirishlari mumkin bo‘ladi.
Biroq Instagram sun’iy intellekt vositalari hozirda qaysi mamlakatlarda mavjudligi haqida aniq ma’lumot bermagan.
Meta keltirgan so‘rovlar misollariga quyidagilar kiradi: soch rangini o‘zgartirish, boshga toj qo‘yish va quyosh botishi fonini qo‘shish. Shuningdek, oldindan o‘rnatilgan effektlar ham mavjud — masalan, videoga qor yoki olov alangalarini qo‘shish mumkin.
TechCrunch ta’kidlashicha, bu vositalardan foydalanish uchun media fayllar va yuz xususiyatlarini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilishga ruxsat beruvchi Meta* AI foydalanish shartlariga rozilik bildirish zarur.
Avvalroq Instagram voyaga yetmaganlar uchun yangi cheklovlar joriy qilishi haqida xabar berilgandi.
Ular zo‘ravonlik, uyatsiz sahnalar va giyohvandlik mavzusidagi kontentni ko‘ra olmaydi va sozlamani ota-ona ruxsatisiz o‘zgartira olmaydi.
Aprel oyida Instagram o‘smirlar akkauntlarini aniqlovchi sun’iy intellektni qo‘shgandi. Agar tizim akkaunt voyaga yetmagan shaxsga tegishli deb gumon qilsa, uning maxfiylik sozlamalari avtomatik tarzda o‘smirlar rejimiga o‘tkaziladi.
2024-yil sentbar oyida Instagram 18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun “o‘smirlar” akkauntlarini qo‘shdi.
17-sentabrdan boshlab esa 18 yoshgacha bo‘lgan barcha yangi foydalanuvchilar akkauntning yangi turi — “o‘smirlik” akkauntiga ega bo‘ladilar.
Noyabr oyida Instagram o‘smirlarning yoshini aniqlashda sun’iy intellektdan foydalanishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, Meta 18 yoshdan kichik foydalanuvchilarni aniqlay oladigan kattalar klassifikatori vositasidan foydalanadi.
