Avvalroq Bryusseldagi Yevropa kengashi bosh qarorgohi — “Yevropa” binosida Shavkat Mirziyoyevning Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.

Unda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a‘zoligi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagani ma’lum qilindi.

Shuningdek, Yevropa komissiya ham xizmatlar va tovarlar bozoriga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlanganini ma’lum qildi. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi bitimda mamlakatning tovarlarga tariflar bo‘yicha majburiyatlari va xizmat ko‘rsatish sohasidagi imtiyozlari JSTga qo‘shilish to‘g‘risidagi bayonnomada mustahkamlab qo‘yiladi.

Prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 ta davlat bilan bozorga kirish, jumladan, eksport va import bojlari hamda xizmatlar bo‘yicha imtiyozlar berish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanganini ta’kidladi.

“Bu ikki yildan ortiq davom etgan faol muzokaralar, muloqot, tahlil va birgalikdagi ishlarning fidoyilik, qat’iyat va hamkorlikka to‘la yo‘li bo‘lib, ularning barchasi bugungi o‘zaro manfaatli natijaga olib keldi”, — deya yozdi u LinkedIn’da

Uning qayd etishicha, Yevropa Ittifoqi o‘tgan hafta Panama bilan tuzilgan 30-shartnomadan so‘ng O‘zbekiston bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan JSTning 31-a'zosiga aylandi. “Rasman: 31 davlat muzokaralarni yakunladi, faqat uchtasi qoldi”, deya xulosa qildi u.

Mart oyida O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasida Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralarni qisman yakunlagandi. Natijada, tomonlar xizmatlar qismi bo‘yicha kelishib oldilar va tovarlar bo‘yicha kelishuvlar qolgandi.

May oyida ikki tomonlama kelishuvlar doirasida 33 ta mamlakat bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, ulardan 24 tasi bilan muzokaralar yakunlangani ma’lum bo‘ldi. Prezident yil yakunigacha qolgan 9 ta davlat bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlashni topshirdi.

Sentabr oyida prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha uchta davlat — Argentina, Avstraliya va Gonduras bilan protokollar imzolaganini ma’lum qildi. Shuningdek, u JSTning yana ikki a’zosi bilan prinsipial kelishuvlarga erishilganini qayd etdi.