Turkiyaning KYM Kablo kompaniyasi Quvasoy shahrida elektr kabellari zavodini ochishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Farg‘ona viloyati hokimligi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov O‘zbekistonga kelgan kompaniya delegatsiyasi bilan loyihani muhokama qildi.
Guruh tarkibiga kiritilgan Quvasoy shahrida tug‘ilgan Hasan Memeto‘g‘lining ta’kidlashicha, tashrifdan maqsad mintaqaga turk sarmoyasini jalb qilishga ko‘maklashishdir.
Qayd etilishicha, loyiha qiymati $25 mln bo‘lib, dastlabki bosqichda $5 mln yo‘naltirilib, past kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqariladi, keyingi bosqichda o‘rta kuchlanishli kabellar ishlab chiqariladi. Mahalliy ehtiyoj to‘la qoplanib, mahsulotlar eksportga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Kompaniya elektr kabellariga bo‘lgan ichki talabni to‘liq qondirish, shuningdek, ularni eksport qilishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Bozorov tashabbusni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi va mas’ullarga investorlar bilan birgalikda uning jadal amalga oshirilishini ta’minlashni topshirdi.
Oktyabr oyi boshida O‘zeltexsanoat rahbari Mirziyoyev Yunusov prezident huzuridagi yig‘ilishda mis ishlab chiqarishni 250 ming tonnaga, 2030-yilga borib esa 500 ming tonnaga yetkazish rejalari haqida ma’lum qilgan edi.
Elektrotexnika sohasida muvofiqlikni baholash islohoti O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlarining Yevropa Ittifoqi bozorlariga eksportini kamida ikki baravar oshirish imkonini beradi.
Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahobovning aytishicha, davlat rahbari mis simga eksport boji joriy etish taklifini ma’qullagan. Tashabbusni yirik mis ishlab chiqaruvchilar yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish uchun ilgari surishdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda transformator va kabellar importiga bojlar oshirilishi mumkinligi haqida yozgandi.
Shu bilan birga, yarim tayyor mis simlar va mis mahsulotlari eksporti uchun ham stavkalarga vaqtinchalik o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
