Joriy yilning to‘qqiz oyida so‘mning 6,5% ga mustahkamlanishi iqtisodiyotda milliy valyutaga ishonchni oshirib, ijobiy makrotendensiyalarni shakllantirdi. Bu haqda 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov maʼlum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Ishmetovning qayd etishicha, so‘mdagi hisob-kitoblar hamda jamg‘armalarning o‘sishi hisobiga bank tizimida milliy valyutadagi pul massasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34% ga oshib, 271 trln so‘mga yetdi
Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari yil boshidagi 14−15% ko‘rsatkichdan 12% gacha pasaydi, kutilmalar shakllanishida valyuta kursi omili ikki barobarga qisqardi.
Shu bilan birga, depozit va kreditlarning dollarlashuv darajasi pasaydi — kreditlarda 41% dan 37% gacha, depozitlarda esa 26% dan 23% gacha. So‘m qadrinig oshishi import inflyatsiyasini sekinlashtirdi, jumladan, tovarlar inflyatsiyasida bu — 6,1% gacha.
Tashqi qarzga xizmat qilish xarajatlari qisqardi: dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat tashqi qarziga xizmat qilish bo‘yicha 1,3 trln so‘m, korporativ tashqi qarz bo‘yicha esa 3,6 trln so‘mlik mablag‘lar tejalgan.
“Ushbu tendensiyalar milliy valyutaga bo‘lgan ishonchni kuchaytirib, so‘mdagi aktivlar jozibadorligining oshishiga va umuman olganda makroiqtisodiy barqarorlikka ijobiy hissa qo‘shmoqda”, — dedi Markaziy bank raisi.
Timur Ishmetov tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar eksport tovarlarining 15%i ($3 mlrd), import tovarlarining 40%i ($14 mlrd) almashuv kursi o‘zgarishiga ta’sirchanligini ko‘rsatganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tovarlar eksportiga kurs bilan bir birga tashqi bozorlardagi narxlar konyunkturasi, ishlab chiqarish samaradorligi, eksport davlatlaridagi tarif va notarif cheklovlar hamda raqobat muhiti ta’sir ko‘rsatadi.
“Ayni paytda, Markaziy bankda almashuv kursi darajasi bo‘yicha ma’lum bir mo‘ljallar yoki target mavjud emas, so‘m kursi fundamental omillar ta’sirida bozor tamoyillari asosida shakllanishi bo‘yicha barcha sharoitlar ko‘rilib boriladi”, — deya xulosa qildi u.
Birinchi yarim yil yakuniga ko‘ra, umumiy tashqi qarz hajmi $72,2 mlrdni tashkil etib, yil boshidan $8,1 mlrdga o‘sdi. Shundan davlat tashqi qarzi $36,8 mlrd (+$2,9 mlrd) hamda korporativ tashqi qarz hajmi $35,4 mlrdga (+$5,2 mlrd) teng bo‘ldi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank yil yakuni bilan inflyatsiya 8% gacha pasayishini kutayotgani haqida yozgandi.
