Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Nukusda uchta avtomobil — ikkita Cobalt va Jiguli ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Avariyaga 2025-yilda ishlab chiqarilgan Cobalt avtomobilining tormoz tizimida kuzatilgan nosozlik sabab qilib ko‘rsatilgan.

UzAuto Motors bu bo‘yicha rasmiy izoh berib, ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi. Kompaniyaga ko‘ra, hozirgacha bu modeldagi avtomobillarning tormoz tizimidagi nosozlik bo‘yicha murojaat kelib tushmagan.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisi ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida, shuningdek, tormoz tizimini sinovdan o‘tkazishda avtomobil ko‘p bosqichli sifat nazoratidan o‘tishini qayd etdi.

Yig‘ish jarayonida tormoz tizimida vakuum hosil qilinib, avtomatik ravishda va yetarli miqdorda xatolikdan himoya qilingan holda (Error Proof) tormoz suyuqligi quyiladi, tormoz bloklanishga qarshi moduli (ABS) va elektr bog‘lanishlarining sozligi statik holda tekshiriladi.

Yakuniy bosqichda (Dynamic Vehicle Test) avtomobil aylanuvchi stendda harakatlantirilib, tormoz tizimi real ekspluatatsiyaga yaqin sharoitda dinamik sinovdan o‘tkaziladi.

UzAuto Motors bu kabi xabarlarni diqqat bilan kuzatib borish va foydalanuvchilarni tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka hamda jamoatchilikni chalg‘itmaslikka chaqiradi. YTH sabablariga oydinlik kiritish bo‘yicha yakuniy baho IIV YHXX tomonidan beriladi.

Avvalroq Spot UzAuto Motors avtomobil shartnomalarini QR-kod bilan berishi haqida yozgandi. Shartnoma haqiqiyligini hamda unga oid barcha ma’lumotlarni QR-kod orqali olish mumkin. Tizim firibgarlikning oldini olishga qaratilgan.