O‘zbekistonda kredit tashkilotlariga onlayn kreditlar bo‘yicha axborotni kredit byurolariga real vaqt rejimida uzatish majburiy bo‘lishi mumkin. Markaziy bank bu bo‘yicha qaror loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Regulyator so‘nggi vaqtlarda bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik holatlari, jumladan o‘zini bank, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili sifatida tanishtirib, fuqarolarning ishonchiga kirayotgan firibgarlar ko‘payayotganini qayd etdi.
Ular ijtimoiy injiniring usullari — yolg‘on qo‘ng‘iroq, soxta havola va mobil ilovalar orqali aholining Click, Payme va boshqa shu kabi ilovalardagi login va parollari hamda bir martalik OTP-kodlarini qo‘lga kiritmoqda.
Natijada, firibgarlar fuqarolar mablag‘larini yechib olish, ayniqsa, ular nomiga ruxsatsiz onlayn mikroqarz rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.
2024-yilning dastlabki 9 oyida bunday firibgarliklar oqibatida 8 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan. Buning asosiy sababi sifatida kredit tashkilotlarining ma’lumotlarni kredit byurolariga kechiktirib taqdim etishi ko‘rsatilmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, kredit axboroti rasmiylashtirilgach, ma’lumotlar keyingi ish kunidan kechiktirmasdan yuboriladi. Bu esa quyidagi muammolarni yuzaga keltirmoqda:
- kechiktirib yuborilgan ma’lumot sababli boshqa kredit tashkiloti shu kunning o‘zida fuqaro nomida kredit mavjud emasligi haqida noto‘g‘ri javob olmoqda;
- bir fuqaro nomiga bir kunda bir nechta mikroqarz rasmiylashtirilmoqda;
- firibgarlik holatlari keskin ortmoqda.
Shundan kelib chiqib, Markaziy bank “Kredit axborot almashinuvi to‘g‘risida"gi nizomga o‘zgartirish kiritishni taklif qilmoqda.
Unga ko‘ra, kredit tashkilotlariga kredit ma’lumotlarini kredit byurolariga real vaqt rejimida hamda keyingi ish kunidan kechiktirmasdan taqdim etish majburiyati yuklatiladi.
Shu bilan birga, nizomga “real vaqt rejimida” tushunchasi kiritilib, kredit tashkilotlari va kredit byurolari o‘rtasidagi axborot almashinuvi huquqiy mezonlar asosida tartibga solinadi.
Regulyator bu talab kredit axborotining dolzarbligi va to‘liqligini ta’minlashi, firibgarlikning oldini olishga xizmat qilishi hamda fuqarolarning kredit tarixini shakllantirishda xavfsizlikni kuchaytirishini kutmoqda.
Qaror loyihasi bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 31-oktabrgacha qabul qilinadi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank yil yakuni bilan inflyatsiya 8% gacha pasayishini kutayotgani haqida yozgandi.
