Prezident sunʼiy intellekt texnologiyalarini yana-da rivojlantirish bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy-axborot kanali xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil yakunigacha davlat boshqaruvi organlari, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy qilish bo‘yicha kamida 100 ta loyiha amalga oshiriladi.
Shuningdek, ushbu muddatda oliy taʼlim tashkilotlarida 15 ta sunʼiy intellekt laboratoriyalari ishga tushiriladi. 2030-yil yakuniga qadar esa zamonaviy sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishga $1 mlrddan ortiq miqdorda xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi.
Joriy yil yakunigacha sunʼiy intellekt yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar, dasturlar, startaplar va bepul onlayn kurslar haqidagi maʼlumotlarni aks ettiruvchi ai.gov.uz portali ishga tushiriladi.
2026-yildan prezident sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovi o‘tkaziladi. Bunda yoshlarning sunʼiy intellekt texnologiyalariga qiziqishini yana-da oshirish va rag‘batlantirish maqsad qilingan.
Davlat organlari va ustavida davlat ulushi 50% dan yuqori bo‘lgan korxonalar, shuningdek, mahalliy hokimiyatlarda raqamli transformatsiya holati baholanganda, sunʼiy intellekt texnologiyalarining qay darajada joriy etilgani ham inobatga olinadi.
Reyting natijasiga asosan 2026-yil 1-martdan yiliga ikki marotaba eng yaxshi sunʼiy intellekt loyihalarini joriy etgan vazirlik va idoralar o‘rtasida Sunʼiy intellekt bo‘yicha eng yaxshi loyiha tanlovi o‘tkaziladi.
Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni sun‘iy intellekt texnologiyalarini mamlakat vazirlik va idoralari faoliyatiga hamda boshqa sohalarga keng tatbiq etishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda sunʼiy intellekt asosida zilzilalarni oldindan prognoz qilish tizimi joriy etilishi haqida yozgandi.
