Yirik korxonalar tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilish tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjat O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar va ularga tegishli korxona va kompaniyalar guruhi tomonidan bank kreditlari hamda tashqi qarzlarni jalb qilish jarayonini nazorat qilish va monitoring qilish tartibini belgilaydi.
Yirik qarzdorlarning moliyaviy holati bo‘yicha xatarlar darajasi “past xatarli”, “o‘rta xatarli” va “yuqori xatarli” deb toifalanadi.
Ularning toifasi:
- past xatarli — jalb etilayotgan moliyaviy qarz miqdoridan qatʼi nazar;
- o‘rta xatarli — yangi qarz miqdori mavjud moliyaviy qarzlari qoldig‘ining 5% idan yoki $20 mlndan kam bo‘lsa;
- yuqori xatarli — qarz miqdori mavjud qarz qoldig‘ining 1% idan yoki $5 mlndan kam bo‘lgan hollarda moliyaviy qarzlar jalb etiladi.
Bunda Muvofiqlashtiruvchi komissiya xabardor qilinishi lozim. Yirik qarzdorlar moliyaviy holati yomonlashganda, komissiya tomonidan ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha maʼlum usullardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar beriladi.
Jumladan, mavjud qarzlarni to‘lash uchun yangi, qulayroq shartlarda qarzlar (tashqi va ichki qarz, kredit) olish mumkin. Shu bilan birga, qarzdorlikni qayta ko‘rib chiqish (muddatini uzaytirish, to‘lov jadvalini o‘zgartirish, foiz stavkasini pasaytirish, valyuta turini o‘zgartirishi) tavsiya etiladi.
Yirik qarzdorlar komissiyaning qarz jalb qilishni rad etish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lsa, belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin bo‘ladi.
Markaziy bankning banklar va yirik qarz oluvchilarga nisbatan tartibga solishni kuchaytirish rejalari joriy yilning may oyida ma’lum bo‘lgandi. Regulyator raisi Timur Ishmetov tartibga solishni Bazel III va MHXSga muvofiqlashtirish va moliya sektori bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini qayd etdi.
Iyun oyida bank tizimi kredit portfelidagi eng katta 50 ta qarzdorning moliyaviy holatga ta’siri o‘rganilib, iqtisodiyot uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalarning qarz jalb qilish tartibini belgilovchi yangi hujjat ishlab chiqilishi ma’lum qilindi. Markaziy bank raisi bu orqali ushbu kompaniyalar, ularning tarkibidagi tashkilotlar va o‘zaro aloqador korxonalar guruhining moliyaviy qarzlarni jalb etishi ustidan nazorat va monitoring kuchaytirilishini ta’kidladi.
Avvalroq Markaziy bank so‘m mustahkamlanishi davlat tashqi qarziga xizmat qilishda 1,3 trln so‘m, korporativ tashqi qarzda esa 3,6 trln so‘mlik mablag‘ tejash imkonini berganini qayd etgandi.
