Avvalroq moped va skuterlar uchun alohida haydovchilik guvohnomasi joriy etilishi bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, odamlarning yo‘llardagi xavfsizligini taʼminlash, o‘lim holatlarining oldini olish maqsadida yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun javobgarlikni kuchaytirish belgilanmoqda.
2026-yil 1-apreldan qo‘pol qoidabuzarliklar uchun maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari hisoblanadi.
Jarima ballarini transport vositasining mulkdori va mazkur transport vositasidan fuqarolik huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda ishonchnoma, sug‘urta polisi, yo‘l varaqasi orqali foydalanuvchi boshqa haydovchilarga taqsimlanadi.
O‘zbekistonda haydovchilar uchun jarima ballari 1-iyundan kuchga kirgan. Hozirda ballar faqat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar asosida hisoblanadi.
IIVga tegishli vazirliklar bilan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi orqali qoidabuzarliklar uchun jarima ballarini hisoblashni joriy etish bo‘yicha hukumatga asoslantirilgan xulosa kiritish topshirilgandi.
Haydovchilar uchun jarima ballari
Joriy yilning fevral oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qoidabuzarliklar uchun jarima ballarini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.
YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov kelgusida kamera va radarlar orqali yoziladigan jarimalarni ham 12 ballik tizimga qo‘shib hisoblash rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.
Mart oyi oxiriga kelib, IIV qoidabuzarliklarni jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Jarayon 4-aprelgacha davom etdi. Loyihda jarima ballari 1-maydan kuchga kirishi belgilangandi. Biroq, jarima ballarining hisoblanish tartibi qonun loyihasi qabul qilingandan keyin kuchga kirishi ma’lum qilindi.
Joriy yilning may oyida yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari tasdiqlangandi. Agar haydovchi 12 oyda qoidalarni buzmasa, keyingi davrda birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jarima bali hisoblanmaydi. Ballar bir yilda 12 balldan oshsa, haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan 6 oygacha mahrum qilinadi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda uch oyda qariyb 70 ming nafar haydovchi jarima ballarini olgani haqida yozgandi.
