Germaniyaning Porsche kompaniyasining foydasi 2025-yilning uchinchi choragida o‘tgan yilga nisbatan 95,9% ga kamayib, atigi 114 mln yevroni tashkil etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida e’lon qilindi.

Birgina uchinchi chorakda konsernning yo‘qotishlari 967 mln yevroga baholanmoqda. To‘qqiz oylik operatsion foyda 40 mln yevroni tashkil etdi, bu bir yil oldingi ko‘rsatkichdan (taxminan 4 mlrd yevro) 99% ga past. Savdo hajmi 6% ga qisqarib, taxminan 26,9 mlrd yevroni tashkil etdi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Porsche qiyinchiliklari, jumladan, konsernning kelajakdagi strategiyasining keskin o‘zgarishi bilan bog‘liq.

Rahbariyat elektromobillar, jumladan, akkumulyatorlar ishlab chiqarish bo‘yicha ulkan rejalarni bekor qilishga qaror qildi. Rejalashtirilgan yangi elektromobil modellarini ishlab chiqarish kechiktirildi.

“Biz 2025-yil Porsche ko‘rsatkichlarining 2026-yildan boshlab sezilarli yaxshilanishiga olib keladigan eng past nuqta bo‘lishini kutmoqdamiz”, — dedi kompaniyaning bosh moliyaviy direktori Yoxen Brekner.

Porsche investitsiyalari endi ko‘proq ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni ishlab chiqarishga yo‘naltirilishi kutilmoqda. Moslashish choralari joriy yilning o‘zida kompaniyaga qo‘shimcha 3,1 milliard yevroga tushadi.


Avvalroq Spot Audi Tramp joriy qilgan bojlar tufayli AQShga avtomobil yetkazib berishni to‘xtatgani haqida yozgandi.

Dilerlar endi faqat yangi tariflar kuchga kirgunga qadar mamlakatga olib kirgan mashinalarini sotishlari mumkin bo‘ladi.