Namanganda fuqarolarni Janubiy Koreya va Slovakiyaga ishga yuborishni vaʼda qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, Namangan shahridagi xususiy bandlik agentligining norasmiy ishchisi To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirgan.
U tanishlari orqali fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishlash uchun yuborish evaziga $2000 talab qiladi. Gumonlanuvchi oldindan $1000 olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, Namanganda faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari ham mansabdor tanishlari orqali o‘z hamshaharini Slovakiyaga ishga yuborishni vaʼda qilgan.
Buning evaziga 40 mln so‘m talab qilib, oldindan viza chiqartirib berish uchun $600 va 2,8 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi. Mazkur shaxs muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan bo‘lgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hukumatning joriy yil aprel oyidagi tegishli qarori bilan fuqarolarni xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish faoliyati bilan Migratsiya agentligi shug‘ullanishi belgilangan.
Iyun oyida Raqobat qo‘mitasi xorijga ish va o‘qishga ketayotgan fuqarolarni firibgar konsalting firmalardan ogohlantirgandi. Qo‘mita ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolar ishonchiga kirib, xorijga ishga yoki o‘qishga yuborishni va’da qilib, faqat pul olgan vs xizmat ko‘rsatmagan konsalting firmalarni keltirdi.
Avgust oyida Koreyaga ishga yuborish uchun pul olgan Migratsiya agentligi xodimlari ushlangandi.
Spot, avvalroq, o‘zbekistonlik 200 ga yaqin taksi haydovchilari Dubayga ishga yuborilishi mumkinligi haqida yozgandi.
