Migratsiya agentligi va Malayziyaning AirAsia X Berhad aviakompaniyasi bort kuzatuvchisi yo‘nalishida bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qiladi.
Bo‘sh ish o‘rinlari 40 tani, tanlovga jalb etiladiganlar soni 100 tani tashkil qiladi. Suhbat oflayn tarzda o‘tkaziladi.
Nomzodlarga qo‘yiladigan alablar:
- o‘rta (maxsus) ta’lim darajasiga ega bo‘lish;
- 5 yoki undan yuqori darajadagi IELTS yoki boshqa ingliz tili sertifikati;
- rus tilida erkin gaplasha olish;
- 18 yoshga to‘lgan erkak va ayollar;
Oylik maosh esa $1200−2200ni, ish haftasiga 4−5 kunni tashkil qiladi.
Ishchi viza olish bilan bog‘liq xarajatlar, aviabilet, sinov muddati davomida turar joy, tibbiy sug‘urta ish beruvchi hisobidan qoplanandi.
Nomzod hisobidan xarajatlar:
- aeroport yaqinidagi turar joylar $100 atrofida;
- taksi xarajatlari oyiga $200;
- ovqatlanish kunlik taxminan $10.
Ushbu lavozim uchun yo‘lovchilarning xavfsizligi va qulayligini ta’minlash, xavfsizlik choralarini nazorat qilish, tegishli ko‘rsatmalar berish hamda ovqat va ichimliklar tarqatish talablari qo‘yiladi.
Shuningdek, nomzod bosim ostida xotirjamlikni saqlay olishi, uzoq reyslar, smenalar va tez-tez sayohatlarga moslasha bilishi kerak.
Ro‘yxatdan ushbu havola orqali o‘tish mumkin.
Batafsil ma’lumotlarni Migratsiya agentligining +998712023355 (133) telefon raqami orqali olish mumkin.
Joriy yilning 3-fevral kuni Malayziyaning Air Asia X Berhad kompaniyasiga Kuala-Lumpur-Toshkent-Kuala-Lumpur yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarini amalga oshirish ruxsatnomasi berildi.
Air Asia X Berhad — 2006-yilda tashkil etilgan Malayziyaning AirAsia loukoster tashuvchisi tarkibiga kiradi. COVID-19 pandemiyasidan so‘ng Afrika va Markaziy Osiyo bozorlariga e’tibor qaratib, Olmaota va Nayrobiga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.
