Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlarining yana bir bosqichi yakunlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Uning doirasida asosiy uchib kelish zali binosining fasadi oldinga — qo‘shimcha 2200 kv.metrga kengaytirildi. Bu orqali, 200 o‘rindiqqa ega kutib oluvchilar uchun hudud maydoni deyarli 5 ming kv.metrga yetdi. Hududda bir nechta oziq-ovqat va ichimliklar do‘konlari, jumladan, qahvaxonalar, alkogolsiz ichimliklar barlari, muzqaymoq va gul do‘konlari ochilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, loyiha avtomobillar uchun qo‘shimcha yo‘lak qurishni ham o‘z ichiga oldi. Birinchi yo‘lak endi faqat sayyohlik avtobuslari va rasmiy aeroport taksilari uchun ishlatiladi.

Kompaniya kelish zalida ishlayotgan ikkita taksi operatoriga qo‘shimcha yana to‘rtta xizmat yo‘lga qo‘yilishi, shuningdek, ikkita avtomobil ijarasi kompaniyasi ochilishini qayd etdi.

Ikkinchi yo‘lakdan kutib oluvchilar avtomobillari va taksi agregatorlarining transport vositalari foydalanishlari mumkin. Tirbandlikning oldini olish uchun yo‘lakda to‘xtash vaqti 10 daqiqagacha cheklangan. Nazorat uchun yo‘lakda IIV tizimi bilan integratsiyalashgan yo‘l kuzatuv kameralari o‘rnatiladi va qoidabuzarlarga avtomatik ravishda jarima jo‘natiladi.

Bundan tashqari, P2 va P3 avtoturargohlarini birlashtirish orqali kelish zonasidagi to‘xtash joylari 347 tagacha kengaytirildi. Kutib oluvchilar uzoqroq kutish vaqtida avtoturargohdan foydalanishlari mumkin.

Rekonstruksiya ishlarining yakuniy bosqichida uchib kelish va ketish zallari yagona terminal majmuasiga birlashtiriladi. Qurilish tugallangach, terminalning umumiy maydoni 16 ming kv.metrdan oshib, o‘tkazish qobiliyati soatiga 2400 yo‘lovchiga yetadi.

Bundan tashqari, aeroportda shaharga qaragan 2200 kv.metrlik terassa yo‘lovchilar uchun ochildi. U jo‘nash zalining ikkinchi qavatida joylashgan va undan yo‘lovchilar, kuzatuvchilar va kutib oluvchilar ham foydalanishlari mumkin.

Yashil landshaftli maydon soyabonlar va o‘rindiqlar bilan jihozlangan, issiq havoda bug‘lantirish funksiyasiga ega mikroiqlim tizimi ishlaydi. Shuningdek, bu yerda turli formatdagi bir nechta kafelar ochiladi.

Ta’mirlash ishlari doirasida VIP jo‘nash zali kengaytirilib, mavjud 1100 kv.metrlik zalga 300 kv.metr qo‘shildi hamda o‘rindiqlar sonini ko‘paytirish imkoni yaratildi.

Iyun oyida Toshkent aeroporti terminalida birinchi marta kutib oluvchilar zonasi tashkil etilgandi. Aeroport uchib kelish zali rekonstruksiyasining birinchi bosqichi yakunlanib, terminal fasadini oldinga surish hisobiga 120 o‘rindiqli hudud tashkil etildi.

Avvalroq Spot Toshkentning yangi xalqaro aeroportini 2029-yilda ochish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.