Shavkat Mirziyoyev 27-oktabr kuni fuqaro aviatsiyasi sohasidagi davlat siyosatini tartibga solish to‘g‘risida farmon imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanalida xabar berildi.

Hujjatda 2030-yilgacha havo transporti sohasini rivojlantirish bo‘yicha maqsadlar belgilangan. Shu muddatga qadar mahalliy aviakompaniyalarning umumiy samolyot parkini 180 ta bortga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Kelgusi besh yil ichida mahalliy va xalqaro parvozlar sonini yiliga 200 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Ular yiliga 24 mln nafargacha yo‘lovchi tashishi kutilmoqda.

2026-yildan Fuqaro aviatsiyasi agentligi (O‘zaviatsiya)ni saqlab turish uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratish to‘xtatiladi. Bundan tashqari, O‘zaeronavigatsiya markazi sof foydasining 20% ini agentlikni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirish ham bekor qilinadi.

Prezident 15-oktabr kuni Toshkentdagi yangi aeroportga poydevor qo‘yish marosimida aviatashuvlar sohasini rivojlantirishga oid rejalarni eʼlon qilgandi. U transport infratuzilmasini rivojlantirish va havo aloqasini modernizatsiya qilishni ustuvor yo‘nalishlar sifatida taʼkidladi.

Kelgusi besh yil ichida aviaparkdagi samolyotlar sonini 180 taga, yo‘nalishlar tarmog‘ini 230 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Mirziyoyev O‘zbekistonni “Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan” yirik aviahab sifatida rivojlantirish maqsadini belgilab berdi.

Spot, avvalroq, Centrum Air aviakompaniyasi 30-noyabrdan boshlab Toshkentdan Maldiv orollariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar bergan edi.