Avvalroq Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2026-yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokama qilingani haqida xabar berilgandi. Kelgusi yilda YIMni $150 mlrddan oshirish, iqtisodiyotga 400 trln so‘m yo‘naltirish va inflyatsiyani 7% dan yuqori bo‘lmagan darajada saqlash rejalashtirilgan.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida budjet parametrlarida transport sohasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilab olinganini ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari O‘zbekiston temir yo‘llari, Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports kabi yirik kompaniyalarga yil boshidagi xizmat tannarxini kamida 20% gacha pasaytirish vazifasini yil yakuniga qadar yakunlashni topshirgan.
“Bu korxonalar tomonidan so‘zsiz bajariladi va xarajatlarni kamida 20% gacha optimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Shu bilan birga, biz mazkur korxonalar tomonidan xarajatlarni pasaytirish bo‘yicha 2026-yil uchun ham vazifalarni belgilab, bir haftada alohida qaror qabul qilamiz”, — dedi u.
Ilhom Mahkamov mazkur yirik korxonalarning transformatsiya jarayonlari davom ettirilishini bildirdi. Ularni yirik xalqaro reytinglarga kiritish va to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlarni alohida auditdan o‘tkazish belgilangan.
Bundan tashqari, vazir transport sohasida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish masalasiga to‘xtaldi. U taksi bozorini qonuniylashtirish, jumladan, o‘z-o‘zini band qilgan holda taksi xizmatlarini amalga oshirishga ruxsat berilgani ijobiy natija ko‘rsatganini qayd etdi.
“Shu bilan birga, xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi korxonalar o‘z aylanma mablag‘larini hisob raqami orqali ko‘rsatishlari ham ijobiy natija ko‘rsatdi. Lekin, ichki yuk tashuvlarida korxonalar tomonidan hisobotlarning taqdim etilmasligi, bu yashirin iqtisodiyotning bir turidir”, — dedi Mahkamov.
Transport vaziri ichki yuk tashuvlarida raqamlashtirish va hisobot yuritish tizimini yo‘lga qo‘yish orqali sohani “soya"dan chiqarish imkoniyati yaratilishini ma’lum qildi.
2024-yilning noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston temir yo‘llari, Uzbekistan Airways hamda Uzbekistan Airports’da tannarx yuqoriligi uchun chipta narxida sezilarli o‘zgarish yo‘qligi hamda xarajatlarni qisqartirish ishlari sustligini tanqid qilgandi. Konsalting kompaniyasi jalb qilib, transformatsiya dasturi va “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Joriy yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident xalqaro moliya bozorlaridan transport sohasiga $700 mln jalb qilish bo‘yicha topshiriq bergandi. Shundan $100 mlni Uzbekistan Airwaysga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq Toshkent aeroportida yangilangan uchib kelish zali ochilgani haqida xabar berilgandi. Ta’mirlash ishlari doirasida uchib kelish zali 2200 kv.metrga, to‘xtash joyi 347 taga hamda VIP zal 300 kv.metrgacha kengaytirildi. Bundan tashqari, shaharga qaragan ochiq terassa ochildi.
