Joriy yilgi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari oshirilmaydi. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Jo‘rabek Mirzamahmudov elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari 2026-yilning 1-may oyidan inflyatsiya darajasida indeksatsiya qilinishini qayd etgan.
2024-yilning 1-mayidan mamlakatda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshirildi. Joriy yilning 1-aprelidan ularni yana oshirish belgilangandi. Biroq, prezident topshirig‘i bilan bu bir oyga — maygacha kechiktirilib, yangi narxlar 1-maydan kuchga kirdi.
Hukumatning mart oyidagi qarori bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1-maydan bir marotaba, yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10% dan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilinishi belgilangan.
Bundan tashqari, 1-maydan 2027-yil 1-aprelgacha ayrim fuqarolarga elektr va gaz to‘lovlari uchun bazaviy me’yordan oshgan qismi qoplab berila boshlandi. Endilikda kompensatsiya bir yil davomida har oy berib boriladi.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonda $100 mlndan ortiq qiymatga ega raqamli infratuzilma obyektlari 1 kVt soat uchun 5 sent narxida elektr energiyasi olishi maʼlum qilingandi (hozirda 1 kVt soat uchun 1000 so‘m, bu — 8 sentdan ortiq).
