O‘zbekiston Quvayt bilan islomiy bank tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

24-oktabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Shoxrux Gulamov Quvaytning Noor Financial Investment Company kompaniyasi delegatsiyasi, muqobil investitsiyalar bo‘yicha katta vitse-prezident Abdulla Al-Xouli boshchiligidagi mehmonlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralarda moliya, sanoat, energetika va infratuzilma sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, Quvayt tomonining O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarida ishtiroki muhokama qilindi.

Tomonlar islom qoidalariga asoslangan bank tizimini rivojlantirish va Noor Financial Investment Company ishtirokida O‘zbekistonda yangi islomiy bankni tashkil etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdilar.

Quvayt delegatsiyasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, mamlakatning investitsiyaviy tashabbuslarida faol ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash va amaliy choralarni birgalikda ko‘rishga kelishib oldilar.

O‘zbekistonda islom moliyasini tashkil etish

2018-yilda “O‘zbekistonda islom bank ishi va moliyalashtirish infratuzilmasini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasi muhokamasi portaliga joylashtirilgandi. Biroq, hujjat qabul qilinmadi.

Mutaxassislarning fikricha, islom bankingining joriy etilishi orqali mamlakatga $10 mlrdgacha qo‘shimcha xorijiy sarmoya jalb etishi mumkin edi. Bunga to‘sqinlik qiluvchi asosiy to‘siqlardan biri sifatida infratuzilma, me’yoriy-huquqiy baza, depozitlarni himoya qilishning yo‘qligi hamdsa fiskal to‘siqlar keltirilgan. Shu bilan birga, aholi moliyaviy savodxonligining pastligi ham bunga yo‘l bermaydi.

Spot Islom moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) kengashi a’zosi va Islom taraqqiyot banki moliyaviy nazorat departamenti menejeri Xondamir Nusratxo‘jayev bilan suhbatlashgandi. Unda islomiy moliyaning asosiy tamoyillari va uning klassik bank tizimidan farqlari, O‘zbekistonda mazkur tizimni joriy etish va rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlar haqida so‘z boradi.

2023-yilning noyabrida qabul qilingan prezident qarori bilan 2024-yilgacha mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqish topshirilgandi.

2024-yil iyulida mikromoliya tashkilotlariga islomiy shartlar asosida xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi. Buning uchun ular maxsus kengash tuzishi va alohida buxgalteriya hisobini yuritishi kerak.

Markaziy bank 2030-yilgacha O‘zbekistonda kamida 10 ta islomiy bank paydo bo‘lishini kutayotgani haqida xabar berilgandi.

Regulyator raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyevning aytishicha, yaqin besh yilda kamida 10 ta islomiy bank faoliyat boshlashi kutilmoqda. Uchta davlat bankida esa bir nechta “islomiy darchalar"ni ochish rejalashtirilgan. Biroq ular hali aniqlanmagan.

Markaziy bank islomiy moliyaga yashirin iqtisodiyotdagi mablag‘larni bank tizimiga jalb qilishning muqobil mexanizmi sifatida qaraydi. Turdaliyev aholining bir qismi islom moliyasini afzal ko‘rishini, biroq an’anaviy bank xizmatlaridan butunlay voz kechuvchilar soni kamligini qayd etdi.

“Biz baholayotganimizda, savolni to‘g‘ri qo‘yish muhim. 50−60% ko‘rsatkich haqida gap ketganda, bu islom moliyasini afzal ko‘ruvchilar haqida, ammo an’anaviy xizmatlardan butunlay voz kechadiganlar soni ancha kam”, — dedi u.

BMTTD so‘rovnomasiga ko‘ra, aholining 68%i, tadbirkorlarning esa 60%i diniy eʼtiqodi sabab, anʼanaviy bank xizmatidan foydalanishni xohlamaydi.

Sentabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qullagandi.