Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yana-da mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston prezidenti Serbiya yetakchisini samimiy qutlar ekan, hamkorlik davridagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishini va ikki davlat munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishini ta‘kidladi.

“Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan yilda rasmiy tashrifingiz tarixiy voqeadir. O‘zbekistonda Serbiyaga katta xayrixohlik bilan qarashadi. Xalqlarimizni mustahkam do‘stlik rishtalari va o‘xshash mentalitet bog‘lab turadi”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Muzokaralarda alohida e‘tibor tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, agrosanoat majmui, turizm hamda ko‘plab boshqa muhim tarmoqlarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlash masalalariga qaratildi.

Markaziy Osiyo — Bolqon yo‘nalishida yangi transport yo‘laklarini, jumladan, Transkaspiy koridori doirasida rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida kelgusi yilda Toshkentda Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.

Tartibli mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta‘lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Joriy yilning iyunida bo‘lib o‘tgan Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoning muzokaralarida Slovakiya tomoni tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekani ta’kidlangandi.

Avgust oyida Markaziy bank joriy yilning aprel-iyun oylarida Boltiqbo‘yi davlatlari — Litva, Latviya va Estoniyadan keladigan pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 65,6% ga ko‘payganini ma’lum qilgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Slovakiya viza olish tartibini soddalashtirishi mumkinligi haqida yozgandi.