Prezident kasbiy taʼlim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy-axborot kanali xabar berdi.
Boshqaruv tizimini takomillashtirish orqali yagona yondashuv asosida kasbga o‘qitish qarorni qabul qilish maqsadi sifatida belgilandi. Shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribalarni samarali joriy etish va xalqaro standartlarga mos bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash qayd etilgan.
Farmon bilan, Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etildi. Faoliyatni davlat taʼlim standartlari asosida tashkil qilgan texnikumlar va o‘quv kurslari bitiruvchilariga davlat namunasidagi hujjat (diplom, sertifikat) agentlik tomonidan beriladi.
Azimjon Xusanov agentlik direktori lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Agentlik O‘zbekistondagi barcha 643 ta texnikum faoliyatini muvofiqlashtiradi. U texnikumlar hamda davlat standartlari asosida faoliyat yuritadigan o‘quv kurslari bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom va sertifikatlar beradi.
Kasbiy taʼlim agentligi kasb-hunar taʼlimi dasturlariga, malaka darajalariga, o‘qish muddatlariga va bitiruvchilar bilimini baholash mezonlariga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi. Shuningdek, mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda texnikumlarga qabul qilish ko‘rsatkichlarini tasdiqlaydi.
Tashkilotning vazifalari qatoriga dual taʼlimni rivojlantirish, texnikumlar va korxonalar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish kiradi. Bundan tashqari, u o‘quv jarayoniga interaktiv, raqamli va innovatsion taʼlim texnologiyalarini joriy etish uchun javobgar bo‘ladi.
Yangi agentlik texnikum direktorlari va ularning o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish huquqiga ega bo‘ladi.
Yana bir vazifasi texnikumlar, ulardagi laboratoriya va ustaxonalarni zamonaviy uskunalar bilan taʼminlash, shuningdek kasb-hunar taʼlimi sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishdan iborat bo‘ladi.
2026-yildan boshlab Kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish jamg‘armasiga texnikumlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kasb-hunar taʼlimi sohasidagi boshqa vazifalar uchun davlat byudjetidan har yili 600 mlrd so‘m ajratiladi.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari raisligida Kasbiy taʼlimni rivojlantirish hududiy tadbirkorlar kengashlari tashkil etiladi.
Kengash tarkibi hokimlar tomonidan tasdiqlanadi. Uning tarkibiga hududdagi yirik tadbirkorlik subyektlari, ish beruvchi tashkilot va korxonalar, vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari rahbarlari kiritiladi.
Sentabr oyida prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil qilinishi aytilgandi. Kelgusi o‘quv yilida 9-sinf bitiruvchilarining kamida 50% i, hozirgiga qo‘shimcha yana 200 ming o‘quvchi texnikumga qamrab olinishi ta‘kidlangandi.
Spot, avvalroq, 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirishga ruxsat berilishi haqida yozgandi.
