Iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda banklar faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu bo‘yicha Markaziy bank qarori Adliya vazirligida 28-oktabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjat bilan kredit majburiyatlari bilan bog‘liq ehtimoliy tavakkalchiliklar to‘g‘risidagi ma’lumot beruvchi standart cheklist joriy etilmoqda. Bu qarz oluvchilarga kredit bilan bog‘liq majburiyatlar va ehtimoliy tavakkalchiliklar to‘g‘risida oldindan ma’lumot berib, mas’uliyatli qaror qabul qilishga undaydi.

Hujjatda kredit olishdan oldin to‘ldiriladigan cheklist ilova qilingan. Unda quyidagi to‘rtta tushuntirish keltirilgan:

  • kredit — bu xarajat;
  • kreditni qaytarish jadvalini diqqat bilan o‘rganib chiqdim;
  • daromadlarim kredit to‘lovlarini to‘lash imkonini beradi;
  • kredit to‘lovlarini kechiktirish oqibatlaridan xabardorman.

Kredit to‘lovlarini vaqtida to‘lashga qiynalayotganlarning shartnoma shartlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha banklarga ichki tartib bo‘lishi va uni iste’molchilarga oshkor qilish talabi belgilanmoqda.

Bu banklarning qiyin vaziyatlarda mijozlarni qo‘llab-quvvatlash, kredit shartnomasini restrukturizatsiya qilish shaffofligini ta’minlash va banklarda aniq qoidalarni shakllantirishi kutilmoqda.

Yangi tartibda ayrim insofsiz amaliyotlarni cheklash bo‘yicha quyidagilar belgilanmoqda:

  • kredit arizasida (so‘rovida) ko‘rsatilgan miqdordan ortiqcha summada kredit olishga undamaslik;
  • qarzdorlikni davlat tomonidan fuqarolarga ajratiladigan ijtimoiy nafaqa va yordam mablag‘lariga qaratmaslik;
  • kredit shartnomasida yoki to‘lov jadvalida belgilangan sanagacha kredit to‘lovlarini undirishga talab qo‘ymaslik.

Markaziy bank bu aholiga ortiqcha qarz majburiyatini keltirib chiqarmaslik, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash va yordam mablag‘lari daxlsizligini ta’minlash hamda kreditni qaytarish jadvalida belgilangan sana asosida to‘lovlar undirilishini tartibga solishda banklarning mas’uliyatini oshirishini qayd etdi.

Shu bilan birga, moliyaviy xizmatlarda iste’molchining xohish-irodasini ifodalovchi har qanday belgilarni oldindan o‘rnatib qo‘yish, tanlab qo‘yish hamda kredit parametrlari ko‘rsatilgan maydonchalarni oldindan to‘ldirish cheklanmoqda.

Bu iste’molchilarning qaror qabul qilish erkinligini ta’minlash, shartlar shaffofligini mustahkamlash hamda bank va mijoz o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarni oldini olishga qaratilgan.

Banklar tomonidan iste’molchilarga omonatlarni kafolatlash tizimi, kafolatlanadigan omonat turlari va miqdori, kompensatsiya berish tartibi va uni to‘lash muddatlari to‘g‘risida batafsil tushuntirish hamda standart shakldagi axborot berish talabi belgilanmoqda.

Nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 2026-yilning 29-yanvaridan kuchga kiradi.

Markaziy bank mijozlar bilan munosabatlar sohasida banklar faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablarga o‘zgartirishlar kiritish loyihasini avgust oyida taqdim etgandi.

Avvalroq kredit tashkilotlariga onlayn mikroqarz rasmiylashtirishda yangi talablar belgilanishi haqida xabar berilgandi. Markaziy bank kredit tashkilotlariga ma’lumotlarni kredit byurolariga real vaqtda berish majburiyatini yuklashni taklif qilmoqda.