Click to‘lov xizmati haligacha Qozog‘istonning Halyk Banki bilan bitim tuzish uchun O‘zbekistondagi regulyatorlar roziligini olmagan. Bu haqda 24-oktabr kuni Markaziy bank Litsenziyalash va ruxsat berish tartiboti departamenti rahbari Zohidjon Zunnunov Spot muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Click va Halyk Bank o‘rtasidagi bitim Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining dastlabki roziligini olishi kerak. “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunning 22-moddasiga ko‘ra, dastlabki ruxsatnomani berishda regulyator arizani “monopoliyaga qarshi organning qarorini hisobga olgan holda” ko‘rib chiqadi.

Zunnunov avval kompaniyalar Raqobat qo‘mitasining dastlabki roziligini olishi, shundan so‘ng monopoliyaga qarshi organ qarorini inobatga oluvchi Markaziy bankka murojaat qilishi kerakligini tushuntirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar Raqobat qo‘mitasining roziligini olmasdan turib, Markaziy bankka dastlabki ruxsat olish uchun ariza topshirgan. Zohidjon Zunnunovning aniqlik kiritishicha, regulyator monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligini olmagan.

“Hozircha bitimga ruxsat bermadik. Agar ular Raqobat qo‘mitasi qaroridan so‘ng murojaat qilishsa, biz ularning arizasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqamiz”, — deya xulosa qildi departament rahbari.

Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmatining Spot’ga ma’lum qilishicha, ular iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish to‘g‘risida ma’lumotga ega emas.

Kelishuv shartlariga ko‘ra, Halyk Bank Click to‘lov xizmatining 49% ulushini $176,4 mlnga sotib oladi, Click aksiyadorlari esa, o‘z navbatida, Tenge Bank (Halyk Bank sho‘ba korxonasi) ning 49% aksiyalarini $60,76 mlnga xarid qiladi.

Raqobat qo‘mitasi iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berishi, Markaziy bank esa bitim natijasida 20% dan 50% gacha bo‘lgan bank (Tenge Bank) ustav kapitalidagi ulushni sotib olishga ruxsat berishi kerak. Sentabr oyida Halyk Bank Qozog‘iston regulyatoridan ruxsat olgandi.

Click bosh direktori Ulug‘bek Rustamov Halyk Bank bilan tuzilgan bitimga izoh berib, Qozog‘iston banki bilan strategik hamkorlik xizmat uchun yangi ufqlarni ochishi hamda chakana bankingda keyingi rivojlanish bosqichining boshlanishi bo‘lishini qayd etdi.

U bank sohasiga foydalanuvchilar uchun mahsulotlar yaratish bo‘yicha o‘z yondashuvini olib kirishga va’da berdi. To‘lov xizmati to‘xtamayapti va kengayishda davom etmoqda, dedi u.

Avgust oyida Spot Gafurov, Kardash & Partners hamkorlari bilan Halyk Bank va Click o‘rtasidagi bitim tuzilishi, uning ehtimoliy strategik sabablari va tomonlar uchun xavf-xatarlari, baholashning adolatliligi, shuningdek, O‘zbekiston bozori va investitsiya muhiti uchun ehtimoliy oqibatlarini muhokama qildi.

Avvalroq Spot LUKOYL o‘zining xorijiy aktivlarini Gunvor Group’ga sotishga kelishib olgani haqida yozgandi.