Avvalroq Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2026-yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgandi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida davlat rahbari yil yakunigacha iqtisodiy o‘sishni barqaror taʼminlash uchun barcha zaxiralarni ishga solish, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini, jumladan, energiya resurslarini barqaror taʼminlash bo‘yicha topshiriq berganini taʼkidladi.

“Yil yakunigacha umumiy quvvati 5 GVtdan ortiq bo‘lgan quyosh, shamol, issiqlik elektr stansiyasi, gidroelektr stansiya hamda batareya saqlash tizimlarini ishga tushirish va bu orqali faqat quyosh va shamol generatsiyasi hisobidan elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 11 mlrd kVt/soatdan ortiqqa yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi”, — deydi energetika vaziri.

Shu bilan birga, ishga tushirilgan loyihalardan samarali foydalanish, tannarxni kamaytirish va shu orqali ko‘proq iqtisodiy o‘sishni taʼminlash vazifalari berildi. Jo‘rabek Mirzamahmudov “alohida, hozirdan 2026-yilga zamin yaratish, bundan-da yuqoriroq marra olish va barcha kuchlarni safarbar qilish” chora-tadbirlari belgilanganini qayd etdi.

Qo‘shimcha qilinishicha, prezident masʼullarga har bir tarmoq va yo‘nalish bo‘yicha tegishli qaror loyihalarini tayyorlab, uni taqdim etish muddatlarini belgilab bergan.

Bundan tashqari, kuz-qish mavsumida korxonalarning ishlashi, aholi, iqtisodiyot tarmoqlariga barqaror energiya resurslarini yetkazib berish, favqulodda holatlarda mahalliy hokimiyat va boshqa tizimlar bilan birga ishlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

“Bunda alohida eʼtiborni OAV bilan aloqa, umuman, joylarda isteʼmolchilarga sodir bo‘layotgan vaziyat, hattoki har bir avariyaviy holat bo‘yicha alohida maʼlumot berish tizimini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi”, — deya xulosa qildi energetika vaziri.

22-oktabr kuni holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi umumiy quvvati 4682 MVt bo‘lgan 12 ta quyosh va 5 ta shamol elektr stansiyasi tomonidan joriy yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 9 mlrd kVt/soatga yetgandi. Agar gidroelektr stansiyalarini ham qo‘shib hisoblasa, jami hajm 14,52 mlrd kVt/soatni tashkil etadi. Mamlakatdagi umumiy generatsiyaning 23%i “yashil energiya” hissasiga to‘g‘ri keladi.

Jo‘rabek Mirzamahmudov 28-oktabr kuni OAV vakillari bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida kuz-qish mavsumida elektr va gaz tariflari oshirilmasligini aytgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda aholi va tadbirkorlar uchun “yashil” elektr tariflari 2026-yildan joriy etilishi mumkinligi haqida yozgandi.