Litva Belarus bilan chegaradagi barcha postlarni yopdi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
29-oktabr kuni Litva hukumati milliy xavfsizlik komissiyasi qaroriga asosan Medininkay va Shalchininkay chegara punktlari faoliyatini cheklash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Cheklovlar 30-noyabrgacha amal qiladi, ammo hukumat muddatni uzaytirishi mumkin.
Shalchininkay — Benyakoni o‘tish punkti bir oyga butunlay yopiladi. Medininkay — Kamenniy log nazorat-o‘tkazish punkti orqali faqat quyidagilar o‘tishi mumkin:
- diplomatlar;
- Belarusdan chiqayotgan Litva, boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlari yoki Shveysariya fuqarolari yoxud Litvada yashash guvohnomasiga ega shaxslar;
- Rossiyaning Kaliningrad viloyatiga yoki undan tranzit yuklar va yo‘lovchilar.
O‘zbekiston Transport vazirligi milliy tashuvchilarni Yevropa Ittifoqiga yuk tashishni rejalashtirayotganda muqobil yo‘nalishlardan foydalanishni tavsiya qildi.
Litva Bosh vaziri Inga Ruginiene Belarus tomonidan havo sharlari yordamida chegara buzilishi holatlari ko‘payganini taʼkidladi. Sharlarga sigaret bloklar bog‘langani, ularning kontrabanda yuborish uchun ishlatilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Yevropa Ittifoqi Vilnyusning “havo bo‘shlig‘i va chegarani nazorat qilish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish” qarorini qo‘llab-quvvatladi. Shu bilan birga, Belarus bojxonasi bu qarorni “nodo‘stona siyosat” deb atab, har ikki tomon biznesiga zarar yetkazishi mumkinligini taʼkidladi.
Litva hukumati 2023-yildan boshlab milliy xavfsizlikka tahdidlar va Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalarning buzilishiga ishora qilib, Belarus chegarasidagi o‘tish punktlarini bosqichma-bosqich yopib kelmoqda. Bu yilning oktabr oyiga kelib, Litvadan Belarusga faqat Medininkay va Shalchininkay orqali chiqish mumkin edi.
Spot, avvalroq, Latviya O‘zbekistonga aviareyslar soni va yuk tashish hajmini oshirishni taklif etgani haqida yozgandi.
