LUKOYL xorijdagi aktivlarini Gunvor xalqaro energetika guruhiga sotadi. Bu haqda Rossiya kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Gunvor LUKOYL’ning Rossiyadan tashqaridagi aktivlariga egalik qiluvchi Avstriyadagi sho‘ba korxonasi — LUKOIL International GmbH kompaniyasini sotib olish uchun ariza berdi. LUKOYL taklifni qabul qilib, boshqa ehtimoliy xaridorlar bilan muzokara o‘tkazmaslik majburiyatini olgan.

Bitim qiymati va boshqa parametrlar ochiqlanmagan. LUKOYL’ning ta’kidlashicha, asosiy shartlar avvalroq tomonlar o‘rtasida kelishib olingan.

Bitimni yopish uchun AQSh Moliya vazirligining Xalqaro aktivlar boshqarmasi (OFAC), shuningdek, LUKOYL faoliyat yuritayotgan boshqa mamlakatlar davlat organlarining ruxsati talab etiladi. Kompaniya bitimning yakuniy kelishuviga qadar aktivlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun OFAC’dan vaqtinchalik litsenziyani uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani rad etmaydi.

AQSh 22-oktabr kuni LUKOYL, Rosneft va ularning sho‘ba korxonalariga qarshi sanksiyalar kiritdi. Shu bilan birga, Moliya vazirligi ikkala kompaniya bilan moliyaviy operatsiyalarni yakunlash uchun 21-noyabrgacha muhlat berdi, LUKOYL’ning xorijdagi obyektlaridan tovarlar va xizmatlarni sotib olishga ruxsat berdi.

Boshqa loyihalar taqdiri

LUKOYL’ning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi hozirda $10 mlrddan oshadi. Kompaniya O‘zbekneftgaz bilan hamkorlikda 13 ta konda gaz qazib olish bilan shug‘ullanadi va 2021-yil boshida uning tasarrufidagi zaxiralar hajmi 413,1 mlrd kub metrni yoki umumiy zaxiralarning 22%ini tashkil etadi.

LUKOYL O‘zbekiston hukumati bilan Buxoro viloyatidagi Qandim-Hovuzak-Shodi va Qashqadaryodagi Janubi-G‘arbiy Hisor loyihalari bo‘yicha mahsulot taqsimoti to‘g‘risida bitim tuzdi. U 2046 va 2043-yillargacha amal qiladi.

Kompaniya $3,5 mlrdga yiliga 8,1 mlrd kub metr gazni qayta ishlashga mo‘ljallangan Qandim gazni qayta ishlash majmuasini qurdi. U Toshkent va Toshkent viloyatidagi uchta yoqilg‘i quyish shoxobchasi tarmog‘ini boshqaradi, shuningdek, uni 9 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasigacha kengaytirishni rejalashtirgan.

O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi Bahodir Sidiqov Gazeta’ga bergan intervyusida davlat kompaniyasi sanksiyalar ta’sirini muhokama qilish uchun LUKOYL vakillari bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u Rossiya aktivlarini O‘zbekiston tomonidan sotib olish masalasi hali ko‘tarilmasligini ta’kidladi.

“O‘ylashimcha, bunday muddatda qandaydir obyektni sotib olish, boshqa har qanday davlat uchun ham, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. 21-noyabrgacha narx bo‘yicha kelishish… Masalan, men bunday vaziyatda sotmagan bo‘lardim”, — dedi Sidiqov.

U sanksiyalar LUKOYL faoliyati va O‘zbekistondagi qo‘shma loyihalarga muqarrar ta’sir ko‘rsatishini e’tirof etdi, Kompaniya moliyaviy aloqalar o‘rnatish imkonsiz bo‘ladi. U uchrashuvda barcha variantlarni muhokama qilishga va’da berdi.

Xaridor haqida

Gunvor kompaniyasi 2000-yilda rossiyalik milliarder Gennadiy Timchenko va shvetsiyalik tadbirkor Torbyorn Tornkvist tomonidan tashkil etilgan. 2014-yilda Timchenko o‘z ulushini Tornkvistga sotdi, u hozirda kompaniya aksiyalarining 85% dan ortig‘iga egalik qiladi.

Gunvor neft va neft mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadi, xom neft aylanmasi bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinni egallaydi. Shuningdek, guruh neftni qayta ishlash zavodlari, quvurlar, neft terminallari, tankerlar va boshqa aktivlarni boshqaradi. Kompaniya dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritadi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston 2025-yilda Rossiya gazi importini 2 mlrd kub metrga oshirishi haqida yozgandi.