Rossiyaning Pobeda aviakompaniyasi Moskvadan Farg‘onaga parvozlarni yo‘lga qo‘yishini e’lon qildi.

“Farg‘ona O‘zbekistonning sharqida, Farg‘ona vodiysining janubiy qismida joylashgan bo‘lib, O‘rta Osiyoning qadimgi madaniyat markazlaridan biri va Ipak yo‘lining muhim nuqtasidir”, — deyiladi aviakompaniya xabarida.

Moskva-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha birinchi parvoz 2025-yil 16-dekabrda amalga oshiriladi. Reyslar uchun chiptalar allaqachon sotuvga chiqdi.

Bir tomonlama (Moskva-Farg‘ona) chiptalar narxi 37 ming 295 rubldan (Markaziy bank kursi bilan taxminan 5,6 mln so‘m) boshlanadi.

Qayd etilishicha, aviakompaniya parvozlari haftasiga uch marta: seshanba, payshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.

Bungacha Pobeda aviakompaniyasi Moskvadan Toshkent va Samarqandga ham parvozlarni yo‘lga qo‘ygan.

Shuningdek, 2024-yil 16-fevraldan boshlab aviakompaniya Sankt-Peterburgdan Samarqandga parvozlarni amalga oshirishni boshladi.


Avvalroq Spot Centrum Air Toshkentdan Maldivga to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi. Aviaqatnov 30-noyabrdan boshlanib, haftada bir marta — yakshanba kunlari amalga oshiriladi.