Energetika vazirligi matbuot xizmati fuqarolar uchun isitish mavsumida tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha ba’zaviy me’yor besh barobarga oshirilishini eslatdi.
Xususan, isitishdan tashqari mavsum mart-oktabr (Qoraqalpog‘iston va Xorazmda mart-sentabr) oylarini qamrab olib, bu vaqtda ijtimoiy norma har bir oy uchun 100 kub metrgachani tashkil etadi.
Endi noyabr-fevral oylarida tabiiy gaz uchun ba’zaviy me’yor oyiga 500 kub metrgacha oshiriladi. Qoraqalpog‘iston va Xorazmda kuz-qish mavsumida gaz iste’moli yuqori bo‘lganligi sabab, oylik 500 kub metrgacha norma oktabr-fevral oylarida qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, ehtiyojmand oilalarga ishlatilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun har oyda quyidagicha kompensatsiya beriladi:
- elektr uchun — oyiga bazaviy me’yordan ortiq (200 kVt/soatdan keyingi) 150 kVt/soatgacha;
- gaz uchun — qish oylarida 250 kub metrgacha, boshqa oylarda 150 kub metrgacha ba’zaviy me’yordan ortiq foydalanilgan qismi uchun.
Ilgari kompensatsiyalar faqat qish oylarida amal qilgan bo‘lsa, hozirda yil davomida har oyda berilmoqda.
Shuningdek, 2025/2026-yilgi isitish mavsumi uchun noyabr oyida har bir ehtiyojmand oilaga 1 mln so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladi.
Bundan tashqari, havo haroratidan kelib chiqib, Energetika vazirligi hukumat bilan kelishilgan holda, bazaviy me’yorlarning isitish va boshqa mavsumlardagi amal qilish muddatlariga o‘zgartirish kiritishi mumkin.
2024-yilning 1-mayidan mamlakatda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshirildi. Joriy yilning 1-aprelidan ularni yana oshirish belgilangandi. Biroq, prezident topshirig‘i bilan bu bir oyga — maygacha kechiktirilib, yangi narxlar 1-maydan kuchga kirdi.
Hukumatning mart oyidagi qarori bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1-maydan bir marotaba, yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10% dan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilinishi belgilangan.
Spot, avvalroq, joriy yilgi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari oshirilmasligi haqida yozgandi.

