Endi ijtimoiy normaning isitish va boshqa mavsumlardagi amal qilish muddati o‘zgarishi mumkin. Bu bo‘yicha 28-fevral kuni hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining 2024-yilning 16-apreldagi aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gazning bir oylik iste’moliga bazaviy me’yor belgilashga qaratilgan tegishli qaroriga o‘zgartirish kiritildi.

Xususan, havo haroratidan kelib chiqib, Energetika vazirligiga mazkur bazaviy me’yorlarning isitish va boshqa mavsumlardagi amal qilish muddatlariga o‘zgartirish kiritish vakolati berildi.

Bunda tegishli o‘zgartirishlar Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda kiritilishi mumkin.

Shuningdek, vazirlik, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta'minot” ijtimoiy normalarning amal qilish muddatlariga kiritilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida o‘zining rasmiy veb-sayti va OAV orqali e’lon qiladi.

Qarorning bajarilishini nazorat qilish bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov zimmasiga yuklatildi.

Bundan oldin Energetika vazirligi prezident topshirig‘i bilan tabiiy gaz uchun isitish mavsumida belgilangan bazaviy me’yor 1-aprelgacha uzaytirilgandi. Bu martda havo haroratining past bo‘lishi hamda odatdagidan ko‘ra sovuqroq kelishi sabab belgilandi.

O‘tgan yilning 1-mayidan iste’molchilar ijtimoiy norma asosida haq to‘lashni boshlashdi. 2025-yilning 1-aprelidan fuqarolar uchun tariflarni yana oshirish rejalashtirilgan.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tariflarni belgilashda xarajatlarning bir qismini qoplash, jumladan, tabiiy gazni import qilish xarajatlari ham inobatga olinganini ta’kidladi. Bundan tashqari, vazir tariflar oshirilishi fonida elektr va gaz iste’moli kamayganini ma’lum qildi.