Raqobat qo‘mitasi Golden House Property Group korxonasiga qonun buzilish holatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etish yuzasidan rasmiy ko‘rsatma berdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda “Tanqid uchun jarima undirilishi qonuniymi?”, degan mazmundagi murojaat keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Unda aytilishicha, kompaniya bilan tuzilgan shartnomalarda xaridor o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilgan taqdirda to‘langan mablag‘ yoki shartnoma qiymatining 10%i jarima sifatida ushlab qolinadi.

Agar mijoz kompaniya faoliyatidan norozi bo‘lib, OAV yoki tegishli idoralarga murojaat qilsa, bu holat “obro‘siga putur yetkazish” deb baholanadi. Shu sababli Golden House mijozga yana shartnoma qiymatining 10% i miqdorida jarima qo‘llaydi.

Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda, Golden House kompaniyasi tomonidan ulush kiritish asosida ko‘p qavatli uylardan xonadon sotib olish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarda aynan shu holatlar mavjudligi aniqlangan. Mazkur shartlar esa isteʼmolchi huquqlarini cheklab qo‘yuvchi bandlar sifatida baholandi.

Shu sababli, “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 4, 6, 21 va 23-moddalari talablari asosida Golden House Property Group korxonasiga qonun buzilish holatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etish choralarini ko‘rish haqida belgilangan tartibda ko‘rsatma berildi.

Qo‘mita, shuningdek, “Tadbirkorlik faoliyati erkinliklari kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun ning 9-moddasini eslatib, tadbirkorlik subyektlari raqobat to‘g‘risidagi va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish haqidagi qonunlarga qatʼiy rioya etishi shartligini taʼkidladi.

Sentabr oyida Raqobat qo‘mitasi yangi uy olayotgan fuqarolarni ogohlantirgandi. Unda xonadon xarid qilishda shartnoma tuzishdan oldin uning barcha shartlari bilan atroflicha tanishib chiqish juda muhimligi ta’kidlangan edi.


Avvalroq Spot qo‘mita ayrim avtosalonlarda kafolat va xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklarni aniqlagani haqida yozgandi.