Toshkentda isitish mavsumi kelasi hafta boshida boshlanishi mumkin. Bu haqda vaziyatdan xabardor manba Spot’ga ma’lum qildi.

Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi qaroriga (VMQ-194) ko‘ra, isitish davri tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati ketma-ket besh kun davomida 8 darajadan past bo‘lsa boshlanadi. Shundan kelib chiqib, Toshkent shahar hokimligi 2025−2026-yilgi isitish mavsumini boshlash muddatlari to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak.

Bir kun avval O‘zgidromet 3-noyabrdan O‘zbekistonda sovuq va nisbatan nam havo massalari kirib kelishi hisobiga ob-havoning keskin o‘zgarishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.

Xususan, 3−5 noyabr kunlari ayrim joylarda yomg‘ir yog‘adi, tog‘oldi va tog‘li hududlarda qorga aylanadi. 4−6-noyabrga kelib, havo harorati asta-sekin pasayadi va kechalari 0−3 daraja iliqni tashkil etadi, ba’zi joylarda sovuq bo‘lishi mumkin, kunduz kunlari 8−13 daraja iliqqacha bo‘ladi.

Spot Veolia Energy Tashkent matbuot xizmatiga murojaat qildi. Poytaxt issiqlik tarmoqlari operatori isitish mavsumi qachon boshlanishi haqida ma’lumotga ega emasligini ma’lum qildi.

Spot ma’lumotlariga ko‘ra, isitish mavsumini boshlash to‘g‘risidagi qaror quyidagicha qabul qilinadi: O‘zgidromet ob-havo ma’lumotlarini hokimlikka yuboradi. So‘ngra Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov boshchiligidagi qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha kompleksi hokimga hisobot tayyorlaydi. Hokim esa isitish mavsumini boshlash muddatlari bo‘yicha yakuniy qarorni qabul qiladi.

Shuningdek, Energetika vazirligi noyabrdan fevralgacha bo‘lgan isitish davrida imtiyozli tarif amal qiladigan tabiiy gaz iste’molining ijtimoiy normasi oyiga 100 kub metrdan 500 kub metrgacha oshirilishini eslatdi.

O‘tgan yili Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov isitish mavsumini 7-noyabrdan boshlash bo‘yicha topshiriq bergandi. Shundan so‘ng, Veolia Energy Tashkent hokim qarori bilan tasdiqlangan jadval asosida issiqlik ta’minotini yo‘lga qo‘ydi.

Avvalroq Toshkent hokimi issiqlik va issiq suv tariflarini oshirishni ma’qullagani haqida xabar berilgandi.