Toshkent shahar hokimligi issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun yangi tariflarni tasdiqladi. Bu bo‘yicha 27-oktabr kuni poytaxt hokimining tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjat, joriy yilning 22-avgust kuni xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan tasdiqlangan Veolia Energy Tashkent kompaniyasining taklifini ma’qullashni nazarda tutadi.

Unga ko‘ra, issiq suv ta‘minoti va isitish xizmatlari uchun bazaviy tarif 7% ga oshirilib, QQSsiz 1 Gkal issiqlik energiyasi uchun 711 641 so‘m etib belgilandi.

Aholi va tashkilotlar uchun yangi tariflar quyidagicha oshirilmoqda:

  • aholi uchun — 139 860 so‘m/Gkal (+15%).
  • budjet tashkilotlari uchun — 952 797 so‘m/Gkal (+18,8%);
  • boshqa ulgurji tashkilotlar uchun — 342 296 so‘m/Gkal (+40%).

Bunda narxlar QQSsiz hisoblangan, Toshkent shahar hokimining qarori rasmiy e‘lon qilingan kun — 27-oktabrdan kuchga kiradi.

Issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari oxirgi marta 2024-yil 15-noyabrda oshirilgan. Jismoniy shaxslar uchun narxlar 1 Gkal uchun 121,6 ming so‘mgacha (QQSsiz), yuridik shaxslar uchun — 1 Gkal uchun 244,49 ming so‘mgacha (QQSsiz) ko‘tarildi. Bu o‘tgan yili aprel oyidan keyin narxlarning ikkinchi ko‘tarilishi bo‘ldi.

O‘tgan yilning kuzida Veolia Energy Tashkent isitish tizimi operatori tariflarning oshishini issiqlik ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan energiya resurslarining qimmatlashishi bilan izohlagan edi. Kompaniyada qayd etilishicha, fuqarolar uchun yangi tarif bazaviy narxning 18%ini qoplaydi, qolgan qismi esa davlat tomonidan qoplanadi.

Iyul oyida Issiqlikta’minoti raisi Ilhom To‘rayev Toshkentda issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari bir marta oshirilishini ma’lum qilgandi. Bu elektr energiyasi, tabiiy gaz va sovuq suv narxlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lib, issiqlik xizmatlarining tannarxini oshiradi.

Sevara Pardayeva 12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan kengash yig‘ilishida tariflarni oshirish zarurligini 2030-yilgacha issiqlik ta’minoti sohasini subsidiyalashdan voz kechish rejalari bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xizmatlar narxini qoplash uchun tariflarni oshirish kerak, narxlarni hozirgi darajada qoldirish esa kelajakda ularning yanada keskin o‘sishiga olib keladi.

Shuningdek, Veolia Energy Tashkent biznes uchun issiqlik ta’minoti tariflarini bosqichma-bosqich budjet tashkilotlari darajasiga ko‘tarish rejalari haqida ma’lum qildi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu o‘zaro subsidiyalashni kamaytirish va narxlarni boshqa toifadagi iste’molchilar bilan tenglashtirish imkonini beradi.

Avvalroq Veolia Energy Tashkent shaxsiy kabinetida iste’molchilar uchun yangi funksiya joriy etilgani haqida xabar berilgandi.