O‘zbekistonda haydovchilar uchun jarima ballari joriy etilgandan keyingi besh oyda 114 mingdan ortiq haydovchiga ball yozildi. Bu haqda YHXX axborot xizmati xabar berdi.

1-iyundan 30-oktabrgacha umumiy YTHlar hajmi 6,3% ga, shudnan haydovchilar aybi bilan sodir etilgan avtohalokatlar 31,2% ga kamaygan.

“Qaysidir maʼnoda jarima ballari amaliyotda as qotganligini ko‘rish mumkin. Chunki jarima ballari yo‘q vaqtda mana shunday ijobiy tafovut yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha kuzatilmagan edi”, — deydi YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshov.

Bundan tashqari, besh oyda 114 mingdan ortiq haydovchilar jarima ballari oldi. Shundan 114 374 nafariga 1 balldan 5 ballgacha, yana 6 nafariga 5 balldan 6 ballgacha jarima ballari berilgan. Atigi 2 nafar haydovchidan biriga 7, yana biriga esa 8 jarima balli qo‘yilgan.

2026-yilning 1-aprelidan kamera va radarlar jarima ballari yozishni boshlaydi. Yo‘ldoshov jarima avtomashinaning egasi va undan fuqarolik huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda ishonchnoma, sug‘urta polisi, yo‘l varaqasi orqali foydalanuvchi boshqa haydovchilarga taqsimlanishini eslatdi. Jarima ballarini belgilashda esa YHXXning mobil ilovasidan foydalaniladi.

Haydovchilar uchun jarima ballari

Joriy yilning fevral oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qoidabuzarliklar uchun jarima ballarini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov kelgusida kamera va radarlar orqali yoziladigan jarimalarni ham 12 ballik tizimga qo‘shib hisoblash rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

Mart oyi oxiriga kelib, IIV qoidabuzarliklarni jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Jarayon 4-aprelgacha davom etdi. Loyihda jarima ballari 1-maydan kuchga kirishi belgilangandi. Biroq, jarima ballarining hisoblanish tartibi qonun loyihasi qabul qilingandan keyin kuchga kirishi ma’lum qilindi.

Joriy yilning may oyida yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari tasdiqlangandi. Agar haydovchi 12 oyda qoidalarni buzmasa, keyingi davrda birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jarima bali hisoblanmaydi. Ballar bir yilda 12 balldan oshsa, haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan 6 oygacha mahrum qilinadi.

Uch oyda qariyb 70 ming nafar haydovchi jarima ballarini olgani haqida yozgandi.

Avvalroq moped va skuterlar uchun alohida haydovchilik guvohnomasi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.