Navoiyda tadbirkorga xatolik sabab hisoblangan chek uchun soliq qarzdorligi hisoblandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Xaridor do‘kondan qalampir xarid qilganida, sotuvchi anglashilmovchilik sababli 20 ming so‘m o‘rniga 2 mlrd so‘mlik chek urib yuborgan. Natijada tadbirkor nomiga katta miqdordagi soliq qarzdorligi shakllangan.

U soliq boshqarmasidan xatolik bilan urilgan 2 mlrd so‘mlik chekni bekor qilishni so‘ragan, biroq idora chek ma‘lumotlarini tahrirlash mumkin emasligini bildirgan. Muammo hal etilmagan.

Xatirchi tuman adliya bo‘limi bu holat yuzasidan javobgar Navoiy viloyat soliq boshqarmasining 2025-yil 17-apreldagi tegishli chekni tahrirlamaslik xatti-harakatini qonunga xilof deb topish yuzasidan Navoiy tumanlararo ma’muriy sudga shikoyat kiritgan.

Natijada, sud soliq boshqarmasi mansabdorlarining harakatlarini noqonuniy deb topib, to‘liq tadbirkor foydasiga qaror chiqargan.

Spot, avvalroq, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan “sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlarini amalga oshirish tartiblari belgilangani haqida yozgandi.