Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan “sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlarini amalga oshirish tartiblari belgilandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Mazkur qarorga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan “sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlarini amalga oshirish tartiblari belgilandi. Bu orqali tibbiy xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarida qonun talablariga rioya etilishini xolis baholash tizimi joriy etiladi.
Endilikda qo‘mita va uning hududiy organlari tomonidan hamda tajriba davrida nodavlat tashkilotlar ishtirokida nazorat xaridi tadbirlari bir qator qoidalar asosida amalga oshiriladi.
Jumladan, tadbirlar qonuniylik, xolislik va maxfiylik prinsiplariga asosan o‘tkaziladi. qo‘mita tomonidan reja ishlab chiqilib, rasmiy tarzda tasdiqlanadi. Har bir tadbir bo‘yicha masʼullar, joy, muddat, tekshiriladigan majburiy talablar va foto-video qayd etish tartibi buyruq bilan belgilanadi.
Nazorat xaridi jarayonida olingan namuna va maʼlumotlar tegishli laboratoriyalarda sinovdan o‘tkaziladi. Agar tovar yoki xizmat qonun talablariga mos kelmasa, tegishli vakolatli organlarga yuboriladi va jamoatchilikka axborot beriladi.
Birinchi marta qonunbuzarlik aniqlansa, tushuntirish va yordam choralari ko‘riladi, takroriy hollarda esa tekshiruv belgilanadi. Nodavlat tashkilotlar o‘z mablag‘lari hisobidan tadbirlarni amalga oshiradi, Qo‘mita esa ushbu faoliyatni muvofiqlashtiradi va metodik yordam ko‘rsatadi.
Tibbiyot muassasalari va dorixonalarda xizmat sifati “sirli mijoz” usuli bilan, chakana savdoda esa nazorat xaridi orqali tekshirilishi qonuniy asosga ega bo‘ldi.
Hujjatga muvofiq, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida masʼul organlar belgilandi. Jumladan:
- raqobatni rivojlantirish sohasida — Raqobat qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, ISSV, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Transport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi;
- isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida — Raqobat qo‘mitasi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, SSV, Qurilish vazirligi, Ekologiya vazirligi.
Ushbu organlar har yili kamida bir marta NNTlarga o‘zlariga biriktirilgan sohalarda tahlillar o‘tkazish, muammolarni o‘rganish bo‘yicha budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan davlat ijtimoiy buyurtmalarini beradi.
“Joriy etilgan tartiblar xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarida adolatli raqobat muhitini shakllantirishga bilan birga NNTlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, isteʼmolchilar huquqlari hamda xizmat ko‘rsatish sifati monitoringi uchun samarali instrumentlarni taqdim etishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
Prezident qarori bilan joriy yil 15-oktabrdan 2027-yilgacha sinov tarzida NNTlar isteʼmolchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda “sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlarini o‘tkazishlari mumkin bo‘lishi belgilangandi.
Spot, avvalroq, umra xizmatlarida “Sirli mijoz” nazorati yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.
