Senatning 11-yalpi majlisida yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish choralarini takomillashtirishga qaratilgan qonun muhokama qilindi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu qonun bilan Jinoyat kodeksiga elektr, issiqlik energiyasidan, gaz va suvdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytiruvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga esa huquqni qo‘llash amaliyotidagi noaniqliklarni bartaraf etishga, YTTlar tomonidan yoqilg‘i-energetika resurslari bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritiladi.
Elektr, issiqlik, gaz yoki suv tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish orqali oz miqdorda talon-toroj qilganlik uchun 2023-yilda 623 ta nafar, 2024-yilda esa 1677 shaxs javobgarlikka tortilgan. Mazkur huquqbuzarliklarning soni bir yil ichida qariyb uch barobarga oshib ketgan.
Qonun bilan MJtKga oz miqdordagi talon-torojlik uchun javobgarlik BHMning 15 barobaridan 25 barobarigacha (6,18 mln so‘mdan 10,3 mln so‘mgacha) o‘zgartirilmoqda.
Umumiy foydalanishdagi tarmoqlarga o‘zboshimchalik bilan ulanish, elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga shikast yetkazish yoki ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish uchun ularga tashqaridan aralashish bo‘yicha ham jarima miqdorlari o‘zgartirilmoqda. Jumladan, fuqarolarga BHMning 15 barobaridan 25 barobarigacha (6,18 mln so‘mdan 10,3 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 25 barobaridan 30 barobarigacha (10,3 mln so‘mdan 12,36 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi.
Shuningdek, qonun bilan elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash bo‘yicha javobgarlik mansabdor shaxs bilan bir qatorda YTTlar uchun ham belgilab qo‘yilmoqda. Amaldagi BHMning 10 barobaridan 20 barobargacha (4,12 mln so‘mdan 8,24 mln so‘mgacha) miqdorga oshirilmoqda.
2023-yil mazkur modda bilan 231 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, shundan birortasi takroran ushbu huquqbuzarlikni sodir etmagan. 2024-yilga kelib huquqbuzarliklarning soni bir yil ichida qariyb 12 barobarga oshib, 2811 nafarga yetgan.
Xuddi shu huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, maʼmuriy jarima amaldagi BHMning 20 barobaridan 35 barobarigacha (8,24 mln so‘mdan 14,42 mln so‘mgacha) etib belgilanmoqda.
Ushbu yo‘nalishda Jinoyat kodeksiga ham o‘zgartirishlar kiritlmoqda. Xususan, huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qo‘llangandan keyin sodir etilsa amaldagi BHMning 30 barobaridan 75 barobargacha (12,36 mln so‘mdan 30,9 mln so‘mgacha) qadar jarima belgilandi. Yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari va bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi ham mumkin.
Elektr energiyasidan xo‘jasizlarcha foydalanish holatlari bo‘yicha maʼmuriy bayonnoma tuzish huquqi kengaytirildi. Endilikda bu vakolat Energiya nazorati inspeksiyasi (O‘zenergoinspeksiya) bilan bir qatorda Favqulodda vaziyatlar hamda Ichki ishlar vazirligi profilaktika inspektorlariga ham beriladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Iyun oyida deputatlar mazkur qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi.
Avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov joriy yilgi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari oshirilmasligini ma’lum qilgandi.
